O‘zbekiston milliy terma jamoasi bosh murabbiyi Fabio Kannavaro Jahon chempionati guruh bosqichidagi so‘nggi uchrashuvdagi mag‘lubiyatga himoyadagi xatolar sabab bo‘lganini aytdi. Bu haqda murabbiy o‘yindan keyingi matbuot anjumanida ma’lum qildi. «Birinchi bo‘limda juda ko‘p energiya sarfladik.
Shu kungacha jismoniy tayyorgarligimiz yaxshi darajada edi va bugun ham bu borada yaxshi harakat qildik. Raqibimiz ham jismonan yaxshi tayyorlangan jamoa ekanini bilardik. Uchrashuv oldidan to‘pni nazorat qilmasak, qiyin bo‘lishini yaxshi tushungan edik. Ikkinchi bo‘limda esa xatolarga yo‘l qo‘ydik va shu sababli gollar o‘tkazib yubordik», — dedi Kannavaro. Murabbiyning ta’kidlashicha, O‘zbekiston birinchi bo‘limni yaxshi o‘tkazgan va bir nechta xavfli vaziyatlar yaratgan.
«Birinchi taymni juda yaxshi boshladik, ko‘plab imkoniyatlarga ega bo‘ldik. Ammo ikkinchi bo‘limda xatolar qila boshladik va bu bizga qimmatga tushdi», — dedi u. Italiyalik mutaxassis ushbu musobaqa jamoa uchun katta tajriba bo‘lganini ham qayd etdi. «Bu musobaqa men uchun ham, futbolchilar uchun ham katta tajriba bo‘ldi. O‘ylaymanki, bu kelajakda bizga katta motivatsiya beradi», — dedi bosh murabbiy. Shuningdek, Kannavaro futbolchilar bilan doimiy muloqotda bo‘lganini va guruh bosqichida kuchli raqiblarga qarshi maydonga tushishlarini oldindan bilganini ta’kidladi. «Albatta, futbolchilar bilan juda ko‘p muloqot qildim. Guruhimizda kuchli jamoalarga qarshi o‘ynashimizni bilardik. Lekin ushbu natijadan afsusdamiz. Ha, biz xatolar qildik. Biroq men futbolchilardan umuman shikoyat qilmoqchi emasman. Ular qo‘lidan kelgan barcha ishni qildi va men ulardan faxrlanaman», — dedi u. Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston milliy terma jamoasi Jahon chempionatining 3-turida Kongo Demokratik Respublikasiga 1:3 hisobida mag‘lubiyatga uchradi.
O‘zbekiston va jahonda ro‘y berayotgan eng so‘nggi voqea-hodisalar, sport, shou-biznes, madaniyat, informatsion texnologiyalar va ilm-fan yangiliklaridan doimo xabardor bo‘ling!
O‘zbekiston va jahonda ro‘y berayotgan eng so‘nggi voqea-hodisalar, sport, shou-biznes, madaniyat, informatsion texnologiyalar va ilm-fan yangiliklaridan doimo xabardor bo‘ling!