Toshkentda “Hududgazta’minot” va “Texnopark” mansabdorlari 19,9 mlrd so‘mlik talon-torojda gumon qilinmoqda
Toshkent shahrida 19,9 milliard so‘mlik byudjet mablag‘larini talon-toroj qilish holati fosh etildi. Bu haqda Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti ma’lum qildi.
Ma’lum qilinishicha, tergovga qadar tekshiruv davomida “Hududgazta’minot” AJ va “Texnopark” MCHJning ayrim mas’ul shaxslari o‘zaro til biriktirib, elektron gaz hisoblagichlariga texnik xizmat ko‘rsatish bahonasida 19 milliard so‘mdan ortiq byudjet mablag‘ini o‘zlashtirish yoki rastrata qilish yo‘li bilan talon-toroj qilganlikda gumon qilinmoqda.
Shuningdek, tekshiruvda “Texnopark” MCHJ ishlab chiqargan va “Hududgazta’minot” AJ tomonidan iste’molchilarga o‘rnatilgan 273 dona gaz hisoblagichi ko‘rsatkichlarni kam hisoblagani aniqlangan. Bu holat oqibatida davlat va jamiyat manfaatlariga 861,1 million so‘m miqdorida zarar yetkazilgani qayd etildi.
Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Toshkentda 1,4 milliard so‘mlik byudjet mablag‘lari keshbek sxemasi orqali talon-toroj qilingani ham aniqlangani haqida xabar berilgandi.
O‘zbekiston va jahonda ro‘y berayotgan eng so‘nggi voqea-hodisalar, sport, shou-biznes, madaniyat, informatsion texnologiyalar va ilm-fan yangiliklaridan doimo xabardor bo‘ling!
O‘zbekiston va jahonda ro‘y berayotgan eng so‘nggi voqea-hodisalar, sport, shou-biznes, madaniyat, informatsion texnologiyalar va ilm-fan yangiliklaridan doimo xabardor bo‘ling!