Sloveniya prezidenti avtohalokatga uchradi
Sloveniya prezidenti Natasha Pirs-Musar Xorvatiyadagi ta’tilidan qaytayotgan vaqtda yo‘l-transport hodisasiga uchradi. Bu haqda prezident matbuot xizmati ma’lumotiga tayanib, Sloveniya radio va televideniyesi xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, hodisa 31-iyul kuni Kastelets tunnelida sodir bo‘lgan. Prezident yengil tan jarohati olgan va tunni Izola shahridagi shifoxonada o‘tkazgan. Hozirda u uyida bo‘lib, o‘zini yaxshi his qilayotgani bildirilgan.
Koper shahar politsiyasi ma’lumotiga ko‘ra, avtohalokat prezidentni kuzatib borayotgan kortej tarkibidagi ikki xizmat avtomobili to‘qnashuvi oqibatida yuz bergan.
Hodisa natijasida ikki kishi jabrlangan. Ulardan biri yengil, ikkinchisi esa og‘ir tan jarohati olgan. Har ikki jabrlanuvchi tez tibbiy yordam mashinasida Izola umumiy shifoxonasiga yetkazilgan.
Qutqaruv ishlari va hodisa joyini ko‘zdan kechirish sababli Kastelets tunneli vaqtincha barcha transport vositalari uchun yopilgan. Tunnel kechki soat 20:00 dan so‘ng yana harakat uchun ochilgan.
Mazkur holat yuzasidan tergov harakatlari davom etmoqda.
Ma’lumot uchun, Natasha Pirs-Musar Sloveniya tarixidagi birinchi ayol prezident hisoblanadi. U 2022-yil noyabr oyida bo‘lib o‘tgan saylovlarda mustaqil nomzod sifatida g‘alaba qozongan va 2022-yil 23-dekabrdan buyon mamlakatga rahbarlik qilib kelmoqda. Siyosiy faoliyatidan avval u uzoq yillar jurnalist va teleboshlovchi sifatida ishlagan.
O‘zbekiston va jahonda ro‘y berayotgan eng so‘nggi voqea-hodisalar, sport, shou-biznes, madaniyat, informatsion texnologiyalar va ilm-fan yangiliklaridan doimo xabardor bo‘ling!
O‘zbekiston va jahonda ro‘y berayotgan eng so‘nggi voqea-hodisalar, sport, shou-biznes, madaniyat, informatsion texnologiyalar va ilm-fan yangiliklaridan doimo xabardor bo‘ling!