Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy Kiyevda Ozarbayjon Tashqi ishlar vaziri Jayhun Bayramovni qabul qildi. Bu Bayramovning Rossiya-Ukraina urushi boshlanganidan buyon Kiyevga amalga oshirgan ilk tashrifi bo‘ldi.
Uchrashuvda oliy darajadagi diplomatik aloqalar, mudofaa sohasidagi hamkorlik, shuningdek, energetika, neft, tabiiy gaz va qishloq xo‘jaligi yo‘nalishlaridagi iqtisodiy hamkorlik masalalari muhokama qilindi.
Jayhun Bayramov tashrif davomida Kiyev yaqinidagi Irpin shahrida Ozarbayjon ko‘magida bunyod etilgan maktab, shifoxona va reabilitatsiya markazini ham ko‘zdan kechirdi.
Ozarbayjon Tashqi ishlar vazirligi ma’lum qilishicha, tomonlar ikki davlat o‘rtasidagi strategik sheriklikning bugungi holati va uni yanada rivojlantirish istiqbollarini ham muhokama qilgan. Xususan, 2027-yilda Ozarbayjon va Ukraina o‘rtasida diplomatik munosabatlar o‘rnatilganining 35 yilligi munosabati bilan hamkorlikni kengaytirish muhimligi ta’kidlangan.
Uchrashuv davomida Bayramov Ozarbayjonning Ukrainaning xalqaro tan olingan chegaralari doirasidagi suvereniteti va hududiy yaxlitligini qo‘llab-quvvatlashini yana bir bor tasdiqladi. O‘z navbatida, Prezident Zelenskiy Ozarbayjon Prezidenti Ilhom Aliyev va mamlakat hukumatiga Ukrainaga ko‘rsatilayotgan gumanitar hamda energetika sohasidagi yordam uchun minnatdorlik bildirdi.
O‘zbekiston va jahonda ro‘y berayotgan eng so‘nggi voqea-hodisalar, sport, shou-biznes, madaniyat, informatsion texnologiyalar va ilm-fan yangiliklaridan doimo xabardor bo‘ling!
O‘zbekiston va jahonda ro‘y berayotgan eng so‘nggi voqea-hodisalar, sport, shou-biznes, madaniyat, informatsion texnologiyalar va ilm-fan yangiliklaridan doimo xabardor bo‘ling!