Moskva viloyatining Orehovo-Zuyevo shahar okrugida 12 yoshli maktab o‘quvchisi o‘ldirildi. Jinoyatda gumonlanayotgan 15 va 16 yoshli ikki nafar qiz qo‘lga olingan. Bu haqda “Meduza” xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, 12 yoshli bola 26-avgust kuni Kabanovo qishlog‘ida bedarak yo‘qolgan. Uni qidirishga ko‘ngillilar ham jalb qilingan. 27-avgust kuni bolaning jasadi tashlandiq binoning podvalidan ko‘plab pichoq jarohatlari bilan topilgan.
Ko‘p o‘tmay, jinoyatda gumonlanib, 15 va 16 yoshli ikki nafar o‘quvchi qiz qo‘lga olingan. Mazkur holat yuzasidan qotillik bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
OAV va Telegram-kanallar huquqni muhofaza qiluvchi organlardagi manbalarga tayanib, qizlar jinoyatni oldindan rejalashtirgani, pichoq va qo‘lqoplar tayyorlagani haqida yozmoqda. Ular halok bo‘lgan bolani qishloqdagi qo‘shnisi sifatida tanigan.
Xabarlarga ko‘ra, bola yo‘qolgan kuni qizlar uni “pivo ichish” bahonasida sayrga chaqirib, tashlandiq binoga olib borgan. Ayrim manbalarda ular qotillik jarayonini telefonga tasvirga olib, “video chellenj”ni bajargani aytilmoqda. Biroq boshqa manbalarda gumondorlar izlarni qoldirmaslik uchun telefonlarini o‘zlari bilan olmagani haqida ma’lumot berilgan.
Halok bo‘lgan bolaning onasi gumondorlar boshqa qotilliklarni ham rejalashtirgan bo‘lishi mumkinligini bildirgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, tergov versiyalaridan biri qizlar Janubiy Koreyaning “Kalmar o‘yini” serialidan ta’sirlangan bo‘lishi mumkinligini nazarda tutadi.
Shuningdek, ayrim manbalarda gumondorlardan birining xonasida serial qahramonlari tasvirlangan plakatlar bo‘lgani va uning TikTok akkauntida serialdagi zo‘ravonlik sahnalari joylashtirilgani aytilmoqda.
Biroq mazkur ma’lumotlarning bir qismi hozircha huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan rasman tasdiqlanmagan. Tergov davom etmoqda.
O‘zbekiston va jahonda ro‘y berayotgan eng so‘nggi voqea-hodisalar, sport, shou-biznes, madaniyat, informatsion texnologiyalar va ilm-fan yangiliklaridan doimo xabardor bo‘ling!
O‘zbekiston va jahonda ro‘y berayotgan eng so‘nggi voqea-hodisalar, sport, shou-biznes, madaniyat, informatsion texnologiyalar va ilm-fan yangiliklaridan doimo xabardor bo‘ling!