“Tashabbusli byudjet” bo‘yicha noqonuniy reklama tarqatgan vaynerlar ogohlantirildi
Raqobat qo‘mitasi fuqarolarni “Tashabbusli byudjet” loyihasi doirasida ovoz evaziga pul va’da qilayotgan norasmiy reklamalarga ishonmaslikka chaqirdi.
Qo‘mita ma’lum qilishicha, ijtimoiy tarmoqlarda norasmiy Telegram botlari orqali ovoz berish evaziga pul mukofoti taklif etilayotgan holatlar aniqlangan. Bunday noqonuniy reklamalar loyiha shaffofligiga putur yetkazishi va fuqarolarni chalg‘itishi mumkin.
O‘rganishlar davomida ayrim vaynerlar uchinchi shaxslar manfaatini ko‘zlab, norasmiy botlar orqali haq evaziga ovoz berish mumkinligi haqida reklama tarqatgani aniqlangan. Shu munosabat bilan Instagram’dagi blogerlar:
O‘tkir Shodmonov (@utkir_shodmonov),
Abdurasul Ibroximov (@Mominlive.1),
Asilbek Amirov (@Aslbek_emir),
Jasur Shodiyev (@jasjannew)
ogohlantirildi, ularga tushuntirish ishlari olib borildi va noqonuniy reklamalar olib tashlandi.
Raqobat qo‘mitasi fuqarolarni faqat rasmiy manbalardan foydalanishga chaqirdi. “Tashabbusli byudjet” doirasida ovoz berish faqat “Ochiq byudjet” axborot portali, uning mobil ilovalari hamda Telegram’dagi rasmiy bot orqali amalga oshiriladi.
Shuningdek, qo‘mita ovoz berish uchun hech qanday to‘lov undirilmasligi va ovoz bergan fuqarolarga moddiy rag‘batlantirish berilmasligini eslatdi.
O‘zbekiston va jahonda ro‘y berayotgan eng so‘nggi voqea-hodisalar, sport, shou-biznes, madaniyat, informatsion texnologiyalar va ilm-fan yangiliklaridan doimo xabardor bo‘ling!
O‘zbekiston va jahonda ro‘y berayotgan eng so‘nggi voqea-hodisalar, sport, shou-biznes, madaniyat, informatsion texnologiyalar va ilm-fan yangiliklaridan doimo xabardor bo‘ling!