Ko‘pchilik uch maymun tasviri bilan tanish: ulardan biri qulog‘ini yopib olgan, ikkinchisi – og‘zini, uchinchisi – ko‘zlarini. Bu “Uch maymun” ko‘p bora san’at asarlarida – adabiyotda, tasviriy san’atda va arxitekturada, shuningdek ommaviy madaniyatda ham foydalanilgan. Ularning qanday ma’nosi bor?
Yapon tilida “uch maymun” sandzaru yoki sambiki no saru deb aytiladi. Bu san’atdagi oddiy belgi emasligi ko‘pchilikni hayron qoldirsa kerak. Uch maymun tasviri buddaviylikning yomonlikdan saqlanish g‘oyasini aks ettiradi. Ushbu g‘oya quyidagicha: “Yovuzlikni ko‘rmasam, u haqida eshitmasam va gapirmasam, undan himoyalangan bo‘laman”.
Qadimgi donishmandlar bu g‘oyani ro‘yobga chiqarish uchun bejizga maymunni tanlashmagan. Hammasi yapon tilidagi so‘z o‘yini bilan bog‘liq. “Hech narsani ko‘rmayman, hech narsani eshitmayman va hech narsani gapirmayman” yapon tilida “midzaru, kikadzaru, ivadzaru” deya talaffuz qilinadi. Aynan “dzaru” qo‘shimchasi ramzni tanlashda asosiy rol o‘ynadi, chunki u “maymun” so‘zi bilan ohangdosh.
Ko‘pchilik bilmasa kerak, maymunlarning bu uch harakatiga yana biri ham qo‘shiladi. Unda qorin va oyoqlari orasini yopgani aks etadi. Bu yovuzlikni qilmaslik prinsipini ifodalaydi.
“Uch maymun” ramzi nafaqat buddaviylikning yovuzlik qilmaslik g‘oyasi bilan bog‘liq. “Ko‘rmayman, eshitmayman, gapirmayman” konsepsiyasi Qadimgi Xitoyda tug‘ilgan desak ham bo‘ladi. Chunki uni qadimgi xitoylik faylasuf Konfutsiy (eramizdan avvalgi 551-479) o‘zining “Lun Yoy” kitobida tushuntirgan. Unda aytilishicha, yomon narsaga qaramaslik, uni eshitmaslik va qilmaslik kerak. Ko‘pchilik ekspertlar fikricha, aynan Konfutsiyning so‘zlari Yaponiyada rivojlantirilgan.
“Uch maymun” tasviri ilk bor qachon paydo bo‘lgani aniqmas. Yuqorida aytilganidek, ramzning ildizi xitoy daosizmiga borib taqaladi, ushbu konsepsiya buddistlar va sintoistlarda, shuningdek yapon xalqining Kosin e’tiqodida ham uchraydi. Kosin e’tiqodiga ko‘ra, odamning uch ruhiy asosi bor. Har oltmishinchi kechada, odam uxlayotganida ular oliy ilohlarga qilgan ishlari haqida hisob beradi. Kosin e’tiqodiga ishongan qadimgi yaponiyaliklar iloji boricha kamroq yomonlik qilishga harakat qilishgan, ruhiy asoslari tanasini tark etadigan kechada esa uxlashmagan. Bunday tun “maymun kechasi” deb atalgan, u haqida ilk manbalar IX asrga tegishli.
“Uch maymun” haykali ilk bor XVII asrda Yaponiyada mashhur bo‘ldi.
Siyosiy arbob va faylasuf Maxatma Gandi “Uch maymnun” haykalchalarini doim o‘zi bilan birga olib yurgan.
O‘zbekiston va jahonda ro‘y berayotgan eng so‘nggi voqea-hodisalar, sport, shou-biznes, madaniyat, informatsion texnologiyalar va ilm-fan yangiliklaridan doimo xabardor bo‘ling!
O‘zbekiston va jahonda ro‘y berayotgan eng so‘nggi voqea-hodisalar, sport, shou-biznes, madaniyat, informatsion texnologiyalar va ilm-fan yangiliklaridan doimo xabardor bo‘ling!