Andijon viloyati Qo‘rg‘ontepa tumanidagi nogironligi bo‘lgan bolalar uchun mo‘ljallangan “G‘amxo‘rlik” markazida tarbiyalanuvchilarga nisbatan jismoniy zo‘ravonlik qilingani aniqlandi. Bu haqda Ijtimoiy himoya milliy agentligi ma’lum qildi.
Ijtimoiy tarmoqlarda markazdagi holatlar aks etgan videolar tarqalganidan so‘ng, Ijtimoiy himoya milliy agentligining Andijon viloyati boshqarmasi xodimlari tomonidan tekshiruv o‘tkazilgan.
O‘rganishlar davomida videolarda aks etgan holatlar tasdiqlangan. Natijada 6 nafar tarbiyachi va 1 nafar hamshira egallab turgan lavozimidan ozod etilib, ular bilan tuzilgan mehnat shartnomalari qonunchilikda belgilangan tartibda bekor qilingan.
Shuningdek, tarbiyachilar faoliyatini yetarli darajada nazorat qilmagan mas’ul xodimlarga nisbatan intizomiy choralar ko‘rilgan.
Markazdagi tarbiyalanuvchilarning sog‘lig‘i ham nazoratga olingan. Tibbiyot birlashmasi mutaxassislari jalb qilinib, bolalar tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilgan.
Bundan tashqari, bolalar foydalanadigan o‘yin maydonlari atrofiga qo‘shimcha kuzatuv kameralari o‘rnatilgan.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistonda bolalarga nisbatan zo‘ravonlik, beparvolik yoki ularning hayoti va sog‘lig‘iga tahdid soluvchi holatlar haqida 1246 qisqa raqamiga qo‘ng‘iroq qilib xabar berish mumkin.
O‘zbekiston va jahonda ro‘y berayotgan eng so‘nggi voqea-hodisalar, sport, shou-biznes, madaniyat, informatsion texnologiyalar va ilm-fan yangiliklaridan doimo xabardor bo‘ling!
O‘zbekiston va jahonda ro‘y berayotgan eng so‘nggi voqea-hodisalar, sport, shou-biznes, madaniyat, informatsion texnologiyalar va ilm-fan yangiliklaridan doimo xabardor bo‘ling!