Debyut mundial: na zavq oldik, na natija 2026 yilgi Jahon chempionatida guruh bosqichi bahslari yakunlandi va endi turnirning eng qiziqarli qismi — pley-off bosqichi boshlanadi. Afsuski, musobaqaning keyingi qismi O‘zbekiston milliy terma jamoasisiz davom etadi. Kongo DR bilan o‘yin Milliy jamoamiz guruh bosqichining so‘nggi turida Kongo DRga qarshi maydonga tushdi va uchrashuvni ajoyib tarzda boshladi. Balki bu mundialdagi eng yaxshi 15–20 daqiqamiz bo‘lgandir. Eldor Shomurodovning 1-daqiqadagi goli ofsayd sabab bekor qilindi. Biroq jamoa sardori tushkunlikka tushmadi va 10-daqiqada baribir o‘z maqsadiga erishdi. Akmal Mozgovoy va Abbos Fayzullayev ishtirokidagi hujum Shomurodovning chiroyli zarbasi bilan yakunlandi. 23-daqiqadagi «salqinlanish tanaffusi»gacha O‘zbekiston o‘yinni to‘liq nazorat qildi va asosan raqib maydonida harakat qildi. Biroq birinchi bo‘limning ikkinchi qismida tashabbus asta-sekin Kongoga o‘ta boshladi. Shunga qaramay, «oq bo‘rilar» tanaffusga g‘alaba bilan yo‘l oldi. Ikkinchi bo‘lim boshlanishi bilan O‘zbekiston to‘liq himoyaga o‘tib oldi. Natijada Kongo ketma-ket xavfli hujumlar uyushtira boshladi. Daqiqalar o‘tgan sari gol urilishi muqarrardek tuyulardi. Chunki jamoamiz faqat himoyalandi va qarshi hujumlar tashkil qila olmadi. 68-daqiqada Abduqodir Husanov ishlatgan qo‘pollik penalti bilan jazolandi. «Nyukasl» hujumchisi Yoan Vissa esa imkoniyatdan unumli foydalanib, hisobni tenglashtirdi. Durang natija Kongoni qoniqtirmasdi. Afrikaliklar bosimni yanada oshirdi va zaxiradan maydonga tushgan futbolchilar hisobiga hujumni kuchaytirdi. 78-daqiqada Husanovdan rikoshet bo‘lib qaytgan to‘pni Mayele darvozaga yo‘llab, jamoasini oldinga olib chiqdi. Shundan so‘ng Kongo himoyaga mustahkam joylashib, qarshi hujumlarda qanday o‘ynash bo‘yicha O‘zbekistonga haqiqiy master-klass ko‘rsatdi. Qo‘shib berilgan daqiqalarda esa Vissa dublni rasmiylashtirib, o‘yinga yakun yasadi — 1:3. Shu tariqa, «oq bo‘rilar» debyut mundialini yiliga 4 million yevro maosh oladigan murabbiy bilan ochkosiz yakunladi. To‘plar nisbati esa 2:11 ko‘rinishida qayd etildi. Himoyaviy sxema bilan 11 ta gol Muxlislar va mutaxassislar Kolumbiyaga qarshi ikkinchi bo‘lim hamda Kongo bilan o‘yinning dastlabki 20 daqiqasidan qoniqish hosil qildi. Qolgan vaqt davomida esa jamoa o‘z imkoniyatlarini namoyish eta olmadi. Srechko Katanesning himoyaviy uslubini davom ettirgan Fabio Kannavaro jamoasi qarshi hujumlarda deyarli hech qanday samarali ishlanma ko‘rsata olmadi.
Aksincha, Katanes davridagi tartibli himoya, ruhiyat va xarakter ham yo‘qolgandek taassurot qoldirdi. Darvozabonlar statistikasi ham ko‘ngildagidek emas: raqiblarning 17 ta aniq zarbasidan atigi 6 tasi qaytarildi. Natijada O‘zbekiston uch o‘yinda 11 ta gol o‘tkazib yubordi.
Agar jamoa hujumkor futbol namoyish etganida ham bundan yomonroq natija qayd etilishi qiyin edi. Hech bo‘lmaganda futbolchilarimiz o‘z imkoniyatlarini namoyish etib, Yevropa klublari skautlari e’tiboriga tushishi mumkin edi. Ayni paytda Behruz Karimovdan boshqa kashfiyot haqida gapirish qiyin. Tanlangan uslub futbolchilarning salohiyatini ochib bera olmadi, aksincha, ularni cheklab qo‘ydi. Shuningdek, 5-2-2-1 sxemasi Abduqodir Husanovni turnir antiqahramonlaridan biriga aylantirib qo‘ydi. Butun mavsum davomida dominant futbol namoyish etadigan jamoada o‘ynagan himoyachi milliy jamoadagi sxemada o‘zining asosiy ustunliklarini ko‘rsata olmadi. Husanovning eng katta afzalligi — jamoa yuqorida o‘ynaganida, raqib qarshi hujumlarini yuqori tezligi evaziga bartaraf etishidir.
Ammo chuqur himoyalanishga asoslangan tizim uning kuchli jihatlariga mos kelmadi. Natijada «Manchester Siti» himoyachisi mundialda o‘zining haqiqiy darajasini namoyish eta olmadi va unga noqulay tizimda ortiqcha mas’uliyat yuklandi.
O‘zbekiston va jahonda ro‘y berayotgan eng so‘nggi voqea-hodisalar, sport, shou-biznes, madaniyat, informatsion texnologiyalar va ilm-fan yangiliklaridan doimo xabardor bo‘ling!
O‘zbekiston va jahonda ro‘y berayotgan eng so‘nggi voqea-hodisalar, sport, shou-biznes, madaniyat, informatsion texnologiyalar va ilm-fan yangiliklaridan doimo xabardor bo‘ling!