Yog‘ingarchilik tufayli Germaniya janubi va Italiya shimolida suv toshqini yuzaga keldi. Bu haqda “Zakon.kz” xabar berdi.
“Euronews” 1-iyun kuni yozganidek, Germaniya janubidagi ba’zi hududlarda suv toshqini haqida ogohlantirish e’lon qilingan, suvning eng yuqori darajasi G‘arbiy Svabiya, Yuqori Allgau va Yuqori Bavariyada kuzatilgan. Shuningdek, Italiyada uch kishi bedarak yo‘qolganlar ro‘yxatiga kiritilgan.
“Augsburgda kuchli yog‘ingarchilik va suv sathining ko‘tarilishi sababli favqulodda holat e’lon qilindi. Yaqin soatlarda suv sathi keskin ko‘tarilishi kutilmoqda. Ayniqsa, Fishax va Langenneufnax jamoalari zarar ko‘radi”, — deyiladi xabarda.
Qayd etilishicha, Konstans ko‘li hududi ham suv toshqini xavfi ostida. Baden-Vyurtembergning Mekkenbeuren shahrida 1300 ga yaqin odamga evakuatsiya qilish tavsiya qilingan.
“Italiyada mahalliy ommaviy axborot vositalari juma kuni mamlakat shimoli-sharqidagi Natisone daryosining suv toshqini tufayli uch nafar yoshning bedarak yo‘qolganini xabar qilishdi. Ular kichik orolda bo‘lganligi va suv tez ko‘tarilayotgani sababli yordam chaqirishgan. Hozirda ular bedarak yo‘qolganlar ro‘yxatiga kiritilgan, ularni qidirish ishlari olib borilmoqda”, deb yozadi telekanal.
19-may kuni kuchli yomg‘ir tufayli Germaniya, Belgiya va Niderlandiyaning ayrim hududlarida suv toshqinlari yuzaga kelgani, ko‘chalar va binolarni suv bosgani, evakuatsiya qilishga majbur bo‘lgani xabar qilingan edi.
O‘zbekiston va jahonda ro‘y berayotgan eng so‘nggi voqea-hodisalar, sport, shou-biznes, madaniyat, informatsion texnologiyalar va ilm-fan yangiliklaridan doimo xabardor bo‘ling!
O‘zbekiston va jahonda ro‘y berayotgan eng so‘nggi voqea-hodisalar, sport, shou-biznes, madaniyat, informatsion texnologiyalar va ilm-fan yangiliklaridan doimo xabardor bo‘ling!