Neymar Braziliya terma jamoasi bilan xayrlashganini rasman tasdiqladi
Braziliyalik yulduz futbolchi Neymar milliy terma jamoadagi faoliyatini yakunlaganini rasman e’lon qildi.
U 28-iyul kuni Vila Belmiro stadionida **“Santos”**ning Venesuelaning “Universidad Central” klubini 4:2 hisobida mag‘lub etgan o‘yinidan so‘ng bu qarorini ma’lum qildi.
“Milliy terma jamoadagi davrim tugadi. Men tarix yaratdim, juda xursand bo‘ldim, jonimni fido qildim, ‘Selesao’ uchun doim kurashdim, lekin endi buni xohlamayman”, — dedi 34 yoshli hujumchi.
Neymar Braziliya terma jamoasidagi faoliyatini 130 ta o‘yin, 80 ta gol va 58 ta golli uzatma bilan yakunladi. U Braziliya terma jamoasi tarixidagi eng yaxshi to‘purar hisoblanadi.
Uning milliy jamoa bilan qo‘lga kiritgan eng yirik sovrini 2013-yilgi Konfederatsiyalar kubogi bo‘ldi.
Neymarning terma jamoadagi so‘nggi uchrashuvi 2026-yilgi Jahon chempionati 1/8 finalida Norvegiyaga qarshi bahs bo‘ldi. O‘sha o‘yinda u zaxiradan maydonga tushib, penaltidan gol urgandi.
Hozirda Neymar “Santos” safida to‘p surmoqda. Uning klub bilan amaldagi shartnomasi 2026-yil 31-dekabrgacha amal qiladi. Futbolchi 2025-yil yanvar oyida **“Al-Hilal”**dan “Santos”ga qaytgan va keyinchalik shartnomasini uzaytirgan.
O‘zbekiston va jahonda ro‘y berayotgan eng so‘nggi voqea-hodisalar, sport, shou-biznes, madaniyat, informatsion texnologiyalar va ilm-fan yangiliklaridan doimo xabardor bo‘ling!
O‘zbekiston va jahonda ro‘y berayotgan eng so‘nggi voqea-hodisalar, sport, shou-biznes, madaniyat, informatsion texnologiyalar va ilm-fan yangiliklaridan doimo xabardor bo‘ling!