Rossiya Pavel Durovni xalqaro qidiruvga berdi
Rossiya Federal xavfsizlik xizmati (FXX) Telegram asoschisi Pavel Durovga nisbatan “terrorchilik faoliyatiga ko‘maklashish” moddasi bilan ayblov e’lon qilinganini va u xalqaro qidiruvga berilganini ma’lum qildi.
FXXga ko‘ra, jinoyat ishi Ukraina maxsus xizmatlari Telegram’dagi ommabop “Dayvinchik” chatbotidan go‘yoki yosh rossiyaliklarni diversiya va terrorchilik faoliyatiga jalb etishda foydalangani haqidagi da’volar bilan bog‘liq.
Idora ma’lumotiga ko‘ra, 2025-yil iyulidan buyon Moskva, Sankt-Peterburg va boshqa shaharlarda 12–22 yoshdagi 46 nafar Rossiya fuqarosi qo‘lga olingan. FXX ularning chatbot orqali yollanib, huquq-tartibot idoralariga hujum qilish, transport va aloqa obyektlariga o‘t qo‘yish kabi harakatlarni amalga oshirganini iddao qilmoqda.
Shuningdek, FXXning bildirishicha, Ukraina maxsus xizmatlari xodimlari qizlar niqobi ostida yoshlar bilan muloqot qilib, avval ulardan turli bahonalar bilan pul olgan, keyinchalik esa ularni shantaj qilish orqali noqonuniy harakatlarga undagan.
Rossiya tomonining ta’kidlashicha, “Dayvinchik” chatboti 2025-yil 23-dekabrda taqiqlangan axborotni o‘z ichiga olgani sabab Roskomnadzorning taqiqlangan resurslar reyestriga kiritilgan. FXX Telegram ma’muriyati ushbu chatbot va shunga o‘xshash kanallarni o‘z vaqtida o‘chirmaganini bildirmoqda.
Rossiya Jinoyat kodeksining 205.1-moddasi 1.1-qismi bo‘yicha ayblov tasdiqlangan taqdirda, Pavel Durov 8 yildan 15 yilgacha yoki umrbod ozodlikdan mahrum etilishi mumkin.
Ayni paytda e’lon qilingan ayblovlar Rossiya huquq-tartibot organlarining pozitsiyasi hisoblanadi. Pavel Durov yoki Telegram tomonidan bu xabar yuzasidan rasmiy munosabat bildirilgani haqida ushbu ma’lumotda keltirilmagan.
O‘zbekiston va jahonda ro‘y berayotgan eng so‘nggi voqea-hodisalar, sport, shou-biznes, madaniyat, informatsion texnologiyalar va ilm-fan yangiliklaridan doimo xabardor bo‘ling!
O‘zbekiston va jahonda ro‘y berayotgan eng so‘nggi voqea-hodisalar, sport, shou-biznes, madaniyat, informatsion texnologiyalar va ilm-fan yangiliklaridan doimo xabardor bo‘ling!