Bugun, 1-iyul kuni futbol bo‘yicha Jahon chempionatida tarixda ilk bor ishtirok etgan O‘zbekiston milliy terma jamoasi yurtimizga qaytib keldi. Poytaxtdagi Toshkent xalqaro aeroportida futbolchilarni tantanali kutib olish marosimi bo‘lib o‘tdi. Marosimda so‘zga chiqqan O‘zbekiston Bosh vaziri Abdulla Aripov futbolchilarni tarixiy natija bilan tabriklab, ularni tanqid qilayotganlarga e’tibor bermaslikka chaqirdi.
“Omadsiz futbolchilar, divan ekspertlari ko‘p bo‘ladi. Ularni kechirib yuboringlar. Shuni unutmangki, bugungi avlodning jasorati kelgusi avlodlar uchun mustahkam poydevor bo‘ladi. Yangi g‘alabalar, yanada yuksak marralar sari olg‘a!”, — dedi Abdulla Aripov. Shuningdek, O‘zbekiston milliy terma jamoasi sardori Eldor Shomurodov turnir davomida jamoani qo‘llab-quvvatlagan barcha muxlislarga minnatdorlik bildirdi.
“Avvalo, shunday natijaga qaramay, bizni qo‘llab-quvvatlagan barcha muxlislarga rahmat aytaman. Amerikada ham, O‘zbekistonda ham bizni qo‘llab-quvvatlab turgan barchaga minnatdormiz”, — dedi Shomurodov. Jamoa sardorining ta’kidlashicha, mundialdagi ishtirok natijadan qat’i nazar, O‘zbekiston futboli uchun muhim tarixiy yutuq bo‘ldi. “Barcha futbolchilar maydonda borini berdi.
Natija biz kutgandek bo‘lmadi, ammo bu orqali butun O‘zbekistonni birlashtira oldik. Menimcha, bu bilan faxrlanishimiz kerak. Albatta, natija uchun muxlislardan uzr so‘raymiz”, — dedi Eldor Shomurodov.
O‘zbekiston va jahonda ro‘y berayotgan eng so‘nggi voqea-hodisalar, sport, shou-biznes, madaniyat, informatsion texnologiyalar va ilm-fan yangiliklaridan doimo xabardor bo‘ling!
O‘zbekiston va jahonda ro‘y berayotgan eng so‘nggi voqea-hodisalar, sport, shou-biznes, madaniyat, informatsion texnologiyalar va ilm-fan yangiliklaridan doimo xabardor bo‘ling!