$
12913.19 UZS
4
154.17 UZS
0.87
13908.80 UZS
-26.67
15° Kechasi

Oʻzbekiston-Turkiya munosabatlari tarixi. Oradan qanday “ola mushuk” oʻtgan edi?

16:11 / 31.03.2022

“Ikki yahudiy birlashsa shirkat qurar. Ikki turkiy birlashsa davlat qurar”

Turkiy xalqlar maqoli

Oʻzbekiston mustaqillikka erishganidan soʻng oʻziga tarixan, maʼnan va etnik yaqin boʻlgan Turkiya bilan do‘stlik aloqalarini yo‘lga qo‘ydi. Hatto, mustaqillikning dastlabki yillarida Oʻzbekistonda “turk modeli” asosida islohotlar olib borildi. Biroq vaqt  oʻtishi bilan ikki qardosh davlat oʻrtasidan “ola mushuk” oʻtdi.  Ayrim siyosiy kelishmovchiliklar ortidan Oʻzbekiston va Turkiya o‘rtasidagi do‘stlik aloqalariga darz ketdi.

Xoʻsh, Oʻzbekiston-Turkiya munosabatlari nima uchun sovuqlashib ketgan edi? Oradan qanday “ola mushuk” oʻtgan? Bu sovuqchilik qanday yoʻq qilindi?

Bugungi maqolamizda Oʻzbekiston-Turkiya munosabatlarining sovuqlashish tarixi va bugungi kundagi hamkorlik haqida soʻz yuritamiz.

Mustaqillik davrida Oʻzbekiston– Turkiya munosabatlari

80-yillar oxiri, 90-yillar boshiga kelganda Sovet Ittifoqining parchalanishi aniq boʻlib qoldi. 1991-yil 19–20 – avgust kunlari Moskvada harbiy toʻntarish sodir boʻldi. Shunday bir chigal vaziyatda Markaziy Osiyo Respublikalari birin ketin oʻz mustaqilligini eʼlon qildi.

1991-yil 31-avgust kuni Oʻzbekiston mustaqilligini eʼlon qilib, oʻz suverenitetini qoʻlga kiritdi. Oʻzbekistonning mustaqilligini birinchi boʻlib Turkiya tan oldi.

1991-yilda Oʻzbekiston Kompartiyasi tugatilib, uning oʻrniga Oʻzbekiston Xalq demokratik partiyasi tashkil etildi. Oʻsha yilning 29-dekabr kuni Oʻzbekistonda prezidentlik saylovi boʻlib oʻtdi. Unda Oʻzbekiston Xalq demokratik partiyasi nomidan Islom Karimov, Erk partiyasi nomidan Muhammad Solih ishtirok etdi. Birinchi prezidentlik saylovida Islom Karimov 86 foiz ovoz bilan gʻalaba qozondi.

Oʻzbekiston dastlab oʻz mustaqilligini birinchi boʻlib tan olgan Turkiya bilan jadal suratda hamkorlik aloqalarini yo‘lga qo‘ydi. Oʻzbekiston rahbariyati Turkiya davlat tuzilishining dunyoviy modeli va bozor iqtisodiyotiga darhol qiziqish bildirdi.

Birinchi Prezident Islom Karimov 1991-yil 16-dekabr kuni Turkiyaga rasmiy tashrif bilan bordi. Tashrif chogʻida Oʻzbekiston Respublikasi bilan Turkiya Respublikasi oʻrtasida davlatlararo munosabatlarning asoslari va maqsadlari toʻgʻrisida hamkorlik shartnomalari imzolandi. Bu shartnomada ikki davlat oʻrtasidagi maʼnaviy hamda ruhiy yaqinlik taʼkidlandi. Bundan tashqari iqtisodiy va savdo sohasida hamkorlik, madaniyat, fan, taʼlim sogʻliqni saqlash, sport, turizm va boshqa sohalar boʻyicha bitimlar imzolandi. Shundan keyin Oʻzbekistonda turk maktablari ochilib, turk biznesi yoʻlga qoʻyildi. Oʻzbekistonlik talabalar Turkiyadagi universitetlarda oʻqish imkoniyatiga ega boʻldi.

Islom Karimov Turkiyaga birinchi tashrifi chogʻida shunday degan edi:

“Turkiya bizni qoʻllab-quvvatlasa, oʻzbeklarni hech kim boʻysundira olmaydi... Otaturk tamoyillari biz Oʻzbekistonda yaratmoqchi boʻlgan islohotlarga toʻgʻri keladi. Umid qilamanki, Markaziy Osiyo davlatlari Turkiya yoʻlidan boradi. Men turkiy xalqlar birligini yoqlayman. Bu birlikni amalga oshirish kerak”.

Islom Karimov va Turgut Ozal

1992-yilda ikki davlat oʻrtasidagi munosabatlar yangi bosqichga koʻtarildi. Bunda oʻsha yili Turkiya Bosh vaziri Sulaymon Demirel Oʻzbekistonga tashrifi katta roʻl oʻynadi. Turklarning “Internet”, “Oʻzturk”, “Oʻzyuksal”, “Dogu ilag”, “Yazeks”, “Bursel” va boshqa firmalari Oʻzbekistonda keng faoliyat koʻrsata boshladi.

1993-yilning aprel oyida Turkiya Prezidenti Turgut Ozal rasmiy tashrif  bilan Oʻzbekistonga keldi. Bu tashrif ikki qardosh davlat uchun samarali boʻldi. “Daromad va mol-mulkka ikki tomonlama soliq solmaslik toʻgʻrisida”, “Terrorizm, gʻayriqonuniy qurol va giyohvand moddalar tarqalishiga qarshi kurash toʻgʻrisida” bitimlar va boshqa hujjatlar imzolandi. O‘sha yili Oʻzbekistonga 240 million dollar miqdorida turli tovarlar keltirildi.

1998-yilning oktyabr oyida Islom Karimov Turkiyada 1919-1923 yillardagi Mustaqillik urushidagi gʻalabaning 75 yilligiga bagʻishlangan bayramda qatnashdi.

Название

Aloqalarning sovuqlashishi

1993-yilning oxirlariga kelib Oʻzbekiston-Turkiya oʻrtasidagi munosabatlarga “koʻz tegdi”. Ikki davlat orasida siyosiy ziddiyatlar yuzaga keldi. Xususan, Turkiya oʻzbek muxolifatining asosiy vakili Muhammad Solihga boshpana berdi. Biroq shunga qaramay 90-yillarning oxirigacha munosabatlar bir tekisda ketayotgan edi. Hatto, Oʻzbekiston Kollektiv xavfsizlik shartnomasi tashkiloti (KXSHT)dan chiqib, Turkiya Respublikasi bilan harbiy hamkorlikni yoʻlga qoʻya boshladi.

1999-yilda Oʻzbekistonda terroristik xurujlar boʻlib oʻtdi. Shundan soʻng Oʻzbekiston hukumati baʼzi shaxslarga nisbatan qidiruv eʼlon qildi. Bu shaxslarning aksari Turkiyada edi. Oʻzbekiston Turkiya hukumatidan bu shaxslarni berishni soʻradi. Lekin Turkiya Inson huquqlari boʻyicha Yevropa konventsiyasidan kelib chiqib bu insonlarni berolmadi. Chunki Turkiya uzoq muddatdan beri Yevropa Ittifoqiga aʼzo boʻlish uchun jadal suratda harakat qilayotgan edi. Agar Turkiya Oʻzbekiston soʻragan insonlarni berganida, ayrim mamlakatlarning nafratiga uchrashi mumkin edi. Shundan soʻng  Oʻzbekiston hukumati Anqarani uning ichki ishlariga aralashishda va qonuniy boʻlmagan muxolifatni qoʻllab-quvvatlashda ayblay boshladi.  2000-yilda Oʻzbekiston Turkiyadagi elchisini chaqirib oldi. Shundan soʻng Oʻzbekistondagi turk biznesiga bosimlar boshlanib ketdi. 2001-yilda mamlakatdagi turk maktablari tamoman yopildi.

Andijon voqealaridan soʻng Oʻzbekiston–Turkiya munosabatlari

2003-yilda Turkiya Bosh vaziri Rejep Tayyip Erdog‘an Oʻzbekistonga keldi. Biroq shunga qaramay ikki davlat munosabatlari sovuqlashishda davom etdi. XXI asr boʻsagʻasida Turkiyaning ichki siyosatda oʻzgarishlar roʻy bera boshladi.

Oʻzbekiston-Turkiya munosabatlarida keskin pasayish 2005 yilda sodir boʻldi. Oʻsha yili Andijonda terrorchilikda ayblangan shaxslarga nisbatan sud hukmi eʼlon qilinishi munosabati bilan ommaviy tartibsizliklar boʻlib oʻtdi. Bu voqealar qanday yakunlangani oʻzingizga maʼlum.

Birlashgan Millatlar Tashkiloti Andijon voqealarini shafqatsizlarcha bostirgan Karimov rejimini qoralab, Oʻzbekistonga sanksiyalar paketini joriy qildi. Turkiya ham bunga qoʻshildi. Anqara Oʻzbekiston rasmiylarini inson huquqlarini buzganlikda aybladi. Shundan keyin Turkiya prezidentining Oʻzbekistonga rejalashtirilgan tashrifi barbod boʻlib, harbiy aloqalar uzildi. Oʻsha yili Toshkent Turkiy tilli davlatlar hamkorlik kengashida ishtirok etishdan bosh tortdi va xavfsizlik nuqtai nazaridan Moskva bilan yaqinlashdi.

Oʻsha vaqtda turk biznesi Oʻzbekiston bozorida birinchi navbatda  toʻqimachilik sanoati va bank sektorida jiddiy mavqega ega edi.

Turkiyalik siyosiy tahlilchi Xoqon Fidanning taʼkidlashicha, Oʻzbekiston ayrim masalalarda Turkiyani qoʻllab-quvvatlamagan. Bular;

Birinchi – Islom Karimov turkiyzabon davlatlar, jumladan Turkiya oʻrtasida hamdoʻstlik tipidagi tuzilmani institutsionalizatsiya (munosabatlarni maʼlum meʼyorlar va tartibda tashkil etish) qilgan.

Ikkinchi – Oʻzbekiston Turkiyaning 1990-yillarda Turkiya va Markaziy Osiyo oʻrtasida umumiy valyuta sifatida turk lirasi bilan umumiy bozor yaratish taklifi qoʻllab-quvvatlamagan.

Uchinchi – Oʻzbekiston Qorabogʻ masalasida boʻlgani kabi (1991–1994 – yillarda Ozarbayjon va Armaniston oʻrtasidagi kechgan Qorabogʻ urushida Turkiya Ozarbayjonni qoʻllagan edi) Kipr masalasida ham Turkiyani qoʻllab-quvvatlamagan.

Bularning barchasi Oʻzbekistonga tashqi siyosatda Turkiya bilan yaqinlashish qiyinligini koʻrsatdi. Boshqa siyosatchilarning fikriga koʻra, Turkiya oʻzining mavqei tufayli turkiy mamlakatlar orasida oʻzini “Katta ogʻa” dek tuta boshlagan.

Shunday tariqa tarixi bir boʻlgan Oʻzbekiston va Turkiya oʻrtasidagi doʻstlik iplari uzildi. Bu shuni koʻrsatdikki, tarixiy va madaniy aloqalar har doim ham siyosiy munosabatlarni oldindan belgilab berolmaydi.

Ikki davlatning yarashuvi 

2016-yilda Oʻzbekistonda hokimiyat transformatsiyasi yuz berdi. Shavkat Mirziyoyev hokimiyat tepasiga kelishi bilan ikki davlat oʻrtasida hamkorlikning yangi bosqichi boshlandi. 2017-yilning oktabr oyida Shavkat Mirziyoyev prezident sifatida ilk bor Turkiyaga tashrif buyurdi. Haqiqatdan ham, bu tashrif Oʻzbekiston-Turkiya munosabatlarida yangicha dinamizm (rivojlanishning kuchli, tezkor, yuqori surʼatlari) shakllandi. Chunki 1999-yildan beri ikki davlat rahbari oʻrtasida rasmiy tashriflar toʻxtab qolgan edi.

Uchrashuvda Turkiya prezidenti Rejep Tayyip Erdog‘an Oʻzbekiston xalq shoiri Abdulla Oripovning sheʼridan bir parcha oʻqib, barcha oʻzbek millatini hayajonlantirgan edi. Shunda “biz qardosh oʻlka sifatida Oʻzbekistonning har tomonlama rivojlanishini qoʻllab-quvvatlaymiz”, — degan edi Erdogʻan janoblari.

Shavkat Mirziyoyev ham qardosh xalqlarimiz farovonligi va tinchligi yoʻlida Oʻzbekiston anʼanaviy doʻstlik, har tomonlama va uzoq muddatli hamkorlikni barcha sohalarda rivojlantirish uchun barcha kuch va vositalarni safarbar qilishga tayyor ekanini taʼkidlagan edi.

2018-yilning aprel oyida Rejep Tayyip Erdog‘an Toshkentga rasmiy tashrif bilan keldi. Unga sakkizta vazir va bir yarim ming nafar turk biznes vakillaridan iborat delegatsiya hamrohlik qildi. Shunda Shavkat Mirziyoyev “Oʻzbekiston ota yurtingizning eshiklari sizlar kabi yaqin qardoshlarimiz uchun doimo ochiq. Turkiya bizning strategik hamkorimiz. Biz sherikchiligimizni yanada kengaytirish va mustahkamlashdan manfaatdormiz. Biz birlashishimiz shart. Oramizga qandaydir ishonchsizlik va sovuqchilik tushib qolgan edi. Lekin ikkimiz bir boʻlib, bu muzlarni eritdik va bu muz hech qachon boʻlmaydi”, deb taʼkidlagan.

Oʻshanda tomonlar yaqin kelajakda oʻzaro savdo hajmini 5 milliard dollarga yetkazishni kelishib olishgan.  2019-yilda Oʻzbekiston Turkiy tilli davlatlar hamkorlik kengashiga qaytdi. Bundan tashqari 2020-yilda Turkiya va Oʻzbekiston oʻrtasida harbiy hamkorlik toʻgʻrisida shartnoma imzolandi.

Joriy yilning 29–30-mart kunlari Turkiya prezidenti Oʻzbekistonga rasmiy tashrif bilan keldi. Bu safar Rejeb Tayyib Erdogʻan xalqimizning sevimli shoiri Abdulhamid Sulaymon Choʻlponning turk qardoshlarimiz sharafiga yozgan sheʼridan misol keltirib oʻtdi.

Ikki mamlakat hukumatlari, vazirlik va idoralari darajasida koʻp qirrali Oʻzbekiston-Turkiya hamkorligini yanada kengaytirishga qaratilgan 9 ta hujjat imzolandi. Bular;

— Imtiyozli savdo toʻgʻrisidagi bitim;

— Davlat chegaralari orqali tovarlar va transport vositalarining oʻtishi haqida oldindan axborot almashish toʻgʻrisidagi bayonnoma;

— Mehnat va bandlik sohasida hamkorlik toʻgʻrisidagi anglashuv memorandumi;

— Sud ekspertizasi sohasida hamkorlik memorandumi;

— Qurilish sohasida anglashuv memorandumi;

— Sogʻliqni saqlash vazirliklari oʻrtasida 2022-2023-yillarga moʻljallangan Harakatlar rejasi;

— Oʻzbekiston Milliy axborot agentligi bilan Turkiyaning “Anadolu” agentligi oʻrtasida hamkorlik bitimi.

Prezident Erdoʻgʻan davlat darajasidagi uchrashuvlarni ikki yilda bir marta emas, balki har yili oʻtkazish orqali hamkorlikni yanada kuchaytirishni istayotganini bildirdi. Bundan tashqari “Mudofaa sanoatidagi imkoniyatlarimizni siz bilan baham koʻrishga tayyormiz” – deydi Rejep Tayyip Erdog‘an.

Xulosa qilib aytganda, bir vaqtlar ishonchsizlik sabab Oʻzbekiston-Turkiya oʻrasiga sovuqchilik tushib qolgan edi. Bugungi kunga kelib tili bir, dini bir, ildizlari bir boʻlgan Oʻzbekiston va Turkiya muhim strategik sherikka aylandi. Strategik sheriklikning maʼnosi shuki, tomonlar oʻrtasida oʻzaro ishonch va qoʻllab-quvvatlash yuqori darajada ekanligini anglatadi. Albatta bugungi globallashuv jarayonida oʻzlik juda muhim ahamiyat kasb etadi. Oʻzbekiston va Turkiya mana shu oʻzlik asosida qalin birodarga aylandi.


Qiziqarli


														
														2024-yilda dunyo millionerlari soni 2,34 million kishidan oshdi

2024-yilda dunyo millionerlari soni 2,34 million kishidan oshdi

Bu haqda Knight Frank kompaniyasining yillik Wealth Report hisobotida keltirildi.
12:45 / 08.03.2025

														
														Mumtoz Mahal kim edi va Toj Mahal nima uchun unga atalgan?

Mumtoz Mahal kim edi va Toj Mahal nima uchun unga atalgan?

Dunyoning eng buyuk me’moriy obidalaridan biri bo‘lgan va haqiqiy sadoqat, sevgining timsoli hisoblanadigan Toj Mahal o‘zini…
17:04 / 06.02.2025

														
														O‘sha tun...

O‘sha tun...

Voqeiy hikoyaO‘sha kuni qo‘shni bolalar bilan qora kechgacha o‘ynadik.
16:27 / 03.02.2025

														
														Meduza niqobi: Sitsiliyada 2000 yildan oshiq noodatiy artefakt topildi

Meduza niqobi: Sitsiliyada 2000 yildan oshiq noodatiy artefakt topildi

Italiyalik arxeologlar Sitsiliya janubidagi Agrigento provinsiyasidagi zamonaviy Likata yaqinida joylashgan qadimiy Finziade…
11:14 / 27.01.2025

														
														Ilm-fan “otalari”

Ilm-fan “otalari”

Ilm-fan otalari tarix kitoblaridagi shunchaki nomlar emas. Ular g‘oyalari bilan insoniyat sivilizatsiyasiga hissa qo‘shgan o…
12:11 / 15.01.2025

														
														Gender testlari mojarosi bilan tanilgan Iman Halif Google’da eng ko‘p qidirilgan sportchi bo‘ldi

Gender testlari mojarosi bilan tanilgan Iman Halif Google’da eng ko‘p qidirilgan sportchi bo‘ldi

Google qidiruv tizimi orqali 2024-yilda eng ko‘p izlangan mavzularni sarhisob qildi va qidiruvlarni yo‘nalishlar bo‘yicha aj…
11:22 / 12.12.2024

														
														Yaponiyada odamlarni yuvadigan kir mashina yaratildi

Yaponiyada odamlarni yuvadigan kir mashina yaratildi

2025-yil aprel oyida Osaka shahrida bo‘lib o‘tadigan Butunjahon ko‘rgazmasida insonlar foydalanishi uchun mo‘ljallangan kir …
14:41 / 23.11.2024

														
														2024-yilning eng yaxshi pishlog‘i aniqlandi

2024-yilning eng yaxshi pishlog‘i aniqlandi

“Yilning eng yaxshi pishlog‘i” nomli an’anaviy xalqaro tanlov Portugaliyaning Vizeu shahrida o‘tkazildi.
10:26 / 20.11.2024

														
														“Titanik”dagi kapitanning soati auksionda sotildi

“Titanik”dagi kapitanning soati auksionda sotildi

Henry Aldridge and Son auksion uyining xabar berishicha, “Titanik”ning 700 dan ortiq yo‘lovchisini qutqargan “Karpatiya” kem…
10:22 / 18.11.2024

														
														Dunyodagi eng qimmat zumrad kimoshdi savdosida sotildi

Dunyodagi eng qimmat zumrad kimoshdi savdosida sotildi

CBS News nashrining xabar berishicha, shahzoda Sadriddin Og‘axon III ning Cartier broshidan zumradlari kimoshdi savdosida so…
09:34 / 16.11.2024

Bu ham qiziq

Tramp Grenlandiya Vashingtonga jahon xavfsizligi uchun kerakligini aytdi

Tramp Grenlandiya Vashingtonga jahon xavfsizligi uchun kerakligini aytdi

AQSh prezidenti Donald Tramp Grenlandiya Vashingtonga jahon xavfsizligi uchun kerakligini aytdi. Bu haqda Bloomberg nashri x…
21:36 / 27.03.2025
Toshkentda maktab stadionlarini pullamoqchi bo‘lgan shaxs qo‘lga olindi

Toshkentda maktab stadionlarini pullamoqchi bo‘lgan shaxs qo‘lga olindi

Hozirda MTT rahbariga nisbatan Jinoyat Kodeksining 168-moddasi 2-qismi “a” bandi va 28,211-moddasi 1-qismi bilan jinoyat ish…
13:16 / 27.03.2025
O‘zbekistonning Jahon chempionatiga chiqish imkoniyati 96 foizga baholanmoqda

O‘zbekistonning Jahon chempionatiga chiqish imkoniyati 96 foizga baholanmoqda

2026-yilda AQSh, Kanada va Meksika yashil maydonlarida bo‘lib o‘tuvchi futbol bo‘yicha Jahon chempionatining saralash bosqic…
20:00 / 27.03.2025
Toshkent viloyatidagi kvartiralardan birida gaz portlashi yuz berdi

Toshkent viloyatidagi kvartiralardan birida gaz portlashi yuz berdi

“27-mart kuni Toshkent viloyati uylaridan birida gaz portlashi yuz berdi, ikki kishi jarohat oldi” - deya xabar beradi Yangi…
20:40 / 28.03.2025
Hayit namozining oʻqilish vaqtlari eʼlon qilindi

Hayit namozining oʻqilish vaqtlari eʼlon qilindi

30-mart – yakshanba kuni Ramazon hayiti namozining oʻqilish vaqtlari eʼlon qilindi.
09:52 / 28.03.2025
Mirziyoyev ertaga Olmaotaga boradi

Mirziyoyev ertaga Olmaotaga boradi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Qozog‘iston Respublikasi Prezidenti Qosim-Jo‘mart To‘qayevning taklif…
15:04 / 28.03.2025
“Ramazon Hayiti” kuni metrolarning ish vaqti qanday bo‘ladi?

“Ramazon Hayiti” kuni metrolarning ish vaqti qanday bo‘ladi?

30-mart “Ramazon Hayiti” ayyomi kunida metro poyezdlari harakati odatdagidan 1 soat oldin, ya’ni soat 04:00 dan yo‘lovchilar…
10:08 / 27.03.2025
O‘zbekistonliklarga qurollarni ixtiyoriy ravishda topshirish uchun pul to‘lanadi

O‘zbekistonliklarga qurollarni ixtiyoriy ravishda topshirish uchun pul to‘lanadi

O‘zbekiston Respublikasi hukumati qaroridan kelib chiqib, O‘zbekiston aholisiga qurol, o‘q-dorilar va portlovchi moddalarni …
18:50 / 28.03.2025
Shavkat Mirziyoyev Ramazon hayiti arafasida 488 kishini afv etdi

Shavkat Mirziyoyev Ramazon hayiti arafasida 488 kishini afv etdi

O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Ramazon hayiti arafasida 488 kishini afv etdi. Afv etilganlar orasida 100 kishi ja…
20:01 / 28.03.2025
Sifatsiz benzin sotgan AYOQShlarga chora ko‘rildi

Sifatsiz benzin sotgan AYOQShlarga chora ko‘rildi

Raqobat qo‘mitasining hududiy boshqarmalari hamda tegishli tashkilotlar bilan hamkorlikda hududlarda faoliyat ko‘rsatayotgan…
11:50 / 27.03.2025

O‘zbekiston va jahonda ro‘y berayotgan eng so‘nggi voqea-hodisalar, sport, shou-biznes, madaniyat, informatsion texnologiyalar va ilm-fan yangiliklaridan doimo xabardor bo‘ling!

O‘zbekiston va jahonda ro‘y berayotgan eng so‘nggi voqea-hodisalar, sport, shou-biznes, madaniyat, informatsion texnologiyalar va ilm-fan yangiliklaridan doimo xabardor bo‘ling!