Qozog‘istonning Mang‘istov viloyatida o‘quv-jangovar mashg‘ulotlar vaqtida 19 nafar harbiy xizmatchi Kaspiy dengizida oqimga tushib ketdi. Hodisa oqibatida 9 nafar harbiy halok bo‘lgani ma’lum qilindi.
Qozog‘iston Mudofaa vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, voqea 24-sentyabr kuni harbiy xizmatchilar Kaspiy dengizi sohilida o‘quv-jangovar vazifalarni bajarayotgan paytda yuz bergan. Meteorologik sharoitning keskin yomonlashishi va shamolning kuchayishi oqibatida harbiylar dengizga oqib ketgan.
Hozirga qadar uch nafar harbiy qutqarilgan. Ulardan biri tibbiy yordam ko‘rsatish uchun shifoxonaga yotqizilgan. Qolgan harbiylarni qidirish ishlari davom ettirilmoqda.
Qidiruv-qutqaruv operatsiyasiga Qozog‘iston Harbiy-dengiz kuchlari, Favqulodda vaziyatlar vazirligi, aviatsiya va boshqa tegishli xizmatlar jalb etilgan. Voqea joyiga zarur kuch va vositalar yuborilgan.
Hodisaning barcha tafsilotlarini aniqlash hamda qidiruv-qutqaruv ishlarini muvofiqlashtirish uchun Qozog‘iston Mudofaa vazirligi komissiyasi voqea joyiga yo‘l olgan. Komissiyaga mudofaa vaziri, aviatsiya general-leytenanti Dauren Kosanov rahbarlik qilmoqda.
Harbiy xizmatchilarning halok bo‘lishi yuzasidan jinoiy ish qo‘zg‘atilgan. Mazkur ish doirasida tezkor-tergov guruhi tuzilgan.
Qozog‘iston Mudofaa vazirligi halok bo‘lgan harbiylarning oila a’zolari va yaqinlariga hamdardlik bildirib, marhumlarning oilalariga zarur yordam ko‘rsatilishini ma’lum qilgan.
O‘zbekiston va jahonda ro‘y berayotgan eng so‘nggi voqea-hodisalar, sport, shou-biznes, madaniyat, informatsion texnologiyalar va ilm-fan yangiliklaridan doimo xabardor bo‘ling!
O‘zbekiston va jahonda ro‘y berayotgan eng so‘nggi voqea-hodisalar, sport, shou-biznes, madaniyat, informatsion texnologiyalar va ilm-fan yangiliklaridan doimo xabardor bo‘ling!