AQSh prezidenti Donald Tramp 6-fevral kuni imzolangan farmonida Eron bilan savdoni davom ettirayotgan mamlakatlarga qo‘shimcha bojlar kiritishi mumkinligini aytdi. Bu haqda BBC xabar berdi.
Farmoyishda joriy etilishi mumkin bo‘lgan stavka ko‘rsatilmagan, biroq 25 foiz misol sifatida keltirilgan. Bu “Erondan har qanday tovar yoki xizmatlarni bevosita yoki bilvosita sotib oladigan, import qiladigan” istalgan davlatdan AQShga olib kiriladigan mahsulotlarga nisbatan qo‘llanadi.
Qo‘shma Shtatlar rahbari yil boshida Eron bilan biznes olib borayotgan mamlakatlarga 25 foizlik boj joriy etish bilan tahdid qilgandi. Jumladan u, 12-yanvar kuni Truth Social ijtimoiy tarmog‘idagi postida shunday yozgan:
“Darhol kuchga kiradi, Eron bilan biznes qilayotgan har qanday davlat Amerika Qo‘shma Shtatlari bilan amalga oshiradigan barcha savdolar uchun 25 foizlik boj to‘laydi”, – degan Tramp.
Oq uyga ko‘ra, so‘nggi farmoyish Eronga nisbatan “amalda bo‘lgan milliy favqulodda holat”ni yana bir bor tasdiqlaydi. Shuningdek, vaziyat o‘zgarsa, prezident hujjatga o‘zgartirish kiritishi mumkin.
“Prezident Eronni yadroviy salohiyatga intilish, terrorizmni qo‘llab-quvvatlash, ballistik raketalarni ishlab chiqish, Amerika, ittifoqchilari xavfsizligi va manfaatlariga tahdid soladigan mintaqaviy beqarorlik uchun javobgarlikka tortmoqda”, – deyilgan bayonotda.
O‘zbekiston va jahonda ro‘y berayotgan eng so‘nggi voqea-hodisalar, sport, shou-biznes, madaniyat, informatsion texnologiyalar va ilm-fan yangiliklaridan doimo xabardor bo‘ling!
O‘zbekiston va jahonda ro‘y berayotgan eng so‘nggi voqea-hodisalar, sport, shou-biznes, madaniyat, informatsion texnologiyalar va ilm-fan yangiliklaridan doimo xabardor bo‘ling!