AQSH Prezidenti Donald Tramp Keti Zaxariyani Oq uyning yangi matbuot kotibi etib tayinlaganini e’lon qildi. U avgust oyi oxirida lavozimini tark etgan Kerolin Livittning o‘rnini egallaydi. Bu haqda “The Guardian” nashri xabar berdi.
Tramp 9-oktyabr kuni o‘zining Truth Social ijtimoiy tarmog‘ida tayinlov haqida ma’lum qildi. U Zaxariyani o‘zining sodiq tarafdori va MAGA harakati a’zosi sifatida ta’rifladi.
Keti Zaxariya avval AQSH Ichki xavfsizlik vazirligida matbuot kotibi bo‘lib ishlagan. Hozirda u Trampga tegishli Truth Social platformasiga egalik qiluvchi Trump Media and Technology Group kompaniyasida kommunikatsiyalar bo‘yicha maslahatchi sifatida faoliyat yuritadi.
Zaxariya Kaliforniyada tug‘ilgan, Pepperdayn universitetida tahsil olgan. U universitetdagi Respublikachilar talabalar tashkilotiga rahbarlik qilgan, shuningdek, Jorj Bush prezidentligining ikkinchi muddati davomida Oq uyning siyosiy masalalar bo‘yicha idorasida va Respublikachilar milliy qo‘mitasida amaliyot o‘tagan.
Tramp yangi matbuot kotibi OAV vakillari, Amerika jamoatchiligi va ma’muriyat bilan samarali ishlashiga ishonch bildirgan. Zaxariyaning tayinlanishi Vashingtonda kutilmagan qaror sifatida baholangan, chunki avvalroq konservativ teleboshlovchi Skott Jennings ushbu lavozimga asosiy nomzodlardan biri sifatida ko‘rilgan.
O‘zbekiston va jahonda ro‘y berayotgan eng so‘nggi voqea-hodisalar, sport, shou-biznes, madaniyat, informatsion texnologiyalar va ilm-fan yangiliklaridan doimo xabardor bo‘ling!
O‘zbekiston va jahonda ro‘y berayotgan eng so‘nggi voqea-hodisalar, sport, shou-biznes, madaniyat, informatsion texnologiyalar va ilm-fan yangiliklaridan doimo xabardor bo‘ling!