Toshkentda sintetik giyohvandlik moddalarini tarqatishda gumonlangan shaxs ushlandi. Davlat xavfsizlik xizmati (DXX) ma’lumotiga ko‘ra, tezkor tadbir davomida undan va vaqtincha yashab turgan xonadonidan 1,2 kilogrammdan ortiq giyohvandlik vositalari musodara qilingan.
Tezkor tadbir doirasida Yunusobod tumanidagi “Uch qahramon” YPX maskanida poytaxtga kirib kelayotgan Spark avtomobili to‘xtatilib, tekshirilgan. Avtomobilda yo‘lovchi sifatida ketayotgan, 2004-yilda Surxondaryo viloyatida tug‘ilgan shaxsga tegishli sellofan paketdan 200 ta kichik paketga qadoqlangan 365 gramm mefedron topilgan.
Shundan so‘ng gumonlanuvchi vaqtincha yashab turgan Toshkent tumanidagi xonadon ko‘zdan kechirilgan. U yerdan yana 734 gramm mefedron, 63 gramm alfa-PVP va 45 gramm spays, shuningdek, ikkita elektron tarozi, qadoqlash paketlari va boshqa ashyolar olib qo‘yilgan.
DXX ma’lumotiga ko‘ra, gumonlanuvchi avval o‘g‘rilik bilan bog‘liq jinoyat uchun sudlangan. Shuningdek, uning internet orqali giyohvandlik moddalarini sotuvchi do‘konda “zakladchik”, ya’ni moddalarni belgilangan joylarga yashirib ketuvchi shaxs sifatida faoliyat yuritgani aniqlangan.
Mazkur holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.
O‘zbekiston va jahonda ro‘y berayotgan eng so‘nggi voqea-hodisalar, sport, shou-biznes, madaniyat, informatsion texnologiyalar va ilm-fan yangiliklaridan doimo xabardor bo‘ling!
O‘zbekiston va jahonda ro‘y berayotgan eng so‘nggi voqea-hodisalar, sport, shou-biznes, madaniyat, informatsion texnologiyalar va ilm-fan yangiliklaridan doimo xabardor bo‘ling!