Namangan viloyati hududida joylashgan qadimiy Axsikent shahri 1620-yilda yuz bergan kuchli zilzila oqibatida vayron bo‘lgan. Bir vaqtlar qadimgi Farg‘ona — Dovon davlatining yirik shaharlaridan biri bo‘lgan Axsikent savdo va hunarmandchilik markazi sifatida tanilgan.
Arxeologik qazishmalar natijasida shaharning eramizdan avvalgi II asrda tashkil topgani aniqlangan. Maydoni qariyb 30 gektar bo‘lgan Axsikent qal’a, shahriston va hunarmandchilik markazlari joylashgan raboddan iborat edi. Shaharda savdo-sotiq, kulolchilik va tigel po‘lat ishlab chiqarish rivojlangan.
X–XII asrlarda shahar gullab-yashnagan. Bu davrda unda masjidlar, amir saroyi, mudofaa devorlari, hovuzlar va bog‘lar mavjud bo‘lgan. XIII asrda mo‘g‘ullar bosqini oqibatida vayronaga aylanganiga qaramay, Axsikent kulolchilik markazi sifatidagi ahamiyatini saqlab qolgan. Arxeologik qazishmalarda turli sopol buyumlar, naqshli idishlar va terakota o‘choqlari topilgan.
XV asrda Umarshayx Mirzo Axsikentni asosiy qarorgohi sifatida tanlagan. 1620-yildagi zilziladan keyin omon qolgan aholi qo‘shni Namanganga ko‘chib o‘tgan. Bugungi kunda Axsikent xarobalari qadimgi Farg‘ona tarixi va madaniyatini o‘rganishda muhim arxeologik yodgorlik hisoblanadi.
O‘zbekiston va jahonda ro‘y berayotgan eng so‘nggi voqea-hodisalar, sport, shou-biznes, madaniyat, informatsion texnologiyalar va ilm-fan yangiliklaridan doimo xabardor bo‘ling!
O‘zbekiston va jahonda ro‘y berayotgan eng so‘nggi voqea-hodisalar, sport, shou-biznes, madaniyat, informatsion texnologiyalar va ilm-fan yangiliklaridan doimo xabardor bo‘ling!