Andijon tumanida tormoz tizimidagi texnik nosozlik sabab yuk mashinasi svetoforda to‘xtab turgan beshta avtomobil bilan to‘qnashdi. Hodisa oqibatida hech kim tan jarohati olmagan. Bu haqda viloyat YHXB matbuot xizmati xabar berdi.
Yo‘l-transport hodisasi 27-sentabr kuni soat 14:45 larda Andijon tumani “CHYM” MFY hududidan o‘tuvchi A-373 Toshkent–O‘sh avtomobil yo‘lining 334-kilometrida sodir bo‘lgan. Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, 1976-yilda tug‘ilgan A.M. boshqaruvidagi “Gaz-53” yuk avtomobili “Bog‘ishamol” hududidan “Aeroport” yo‘nalishida harakatlangan.
Ma’lum qilinishicha, yuk mashinasi tormoz tizimidagi texnik nosozlik sabab oraliq masofani saqlay olmagan. Natijada tartibga solingan chorrahadagi svetoforning taqiqlovchi qizil chirog‘ida to‘xtab turgan “Damas”, “Nexia-2”, “Matiz”, “Spark” va “Labo” avtomobillari bilan to‘qnashgan.
Hodisa oqibatida fuqarolar tan jarohati olmagan, avtomobillarga texnik shikast yetgan. Mazkur holat yuzasidan Andijon tumani IIB YHXG xodimlari tomonidan belgilangan tartibda surishtiruv ishlari olib borilmoqda.
O‘zbekiston va jahonda ro‘y berayotgan eng so‘nggi voqea-hodisalar, sport, shou-biznes, madaniyat, informatsion texnologiyalar va ilm-fan yangiliklaridan doimo xabardor bo‘ling!
O‘zbekiston va jahonda ro‘y berayotgan eng so‘nggi voqea-hodisalar, sport, shou-biznes, madaniyat, informatsion texnologiyalar va ilm-fan yangiliklaridan doimo xabardor bo‘ling!