The Guardian nashrining xabar berishicha, G‘azo sektoridagi oqova suv infratuzilmasining vayron qilinishi oqibatida dengizga tozalanmagan kanalizatsiya suvlari oqib tushib, Isroildagi suvni chuchuklatish zavodlari faoliyatini izdan chiqardi va mamlakatda suv tanqisligini keltirib chiqardi.
Mutaxassislarning ta’kidlashicha, tozalanmagan suv tarkibidagi moddalar mikro suvo‘tlarining keskin ko‘payishiga sabab bo‘lib, ular Isroildagi oltita asosiy suvni chuchuklashtirish zavodidan beshtasining filtrlarini tiqiltirib qo‘ygan. Oqibatda korxonalar bir necha kun davomida to‘xtatilib, hozirda cheklangan quvvatda ishlamoqda. Ben-Gurion universiteti professori Jek Gilronning qayd etishicha, rasmiylar aholini suvni tejashga chaqirmoqda, fermerlarga esa ekinlarni sug‘orish taqiqlangan.
Xalqaro tashkilotlar ma’lumotlariga ko‘ra, 2023-yil 7-oktyabrdan buyon Isroil hujumlari G‘azodagi suv va sanitariya infratuzilmasining 90 foizini vayron qilgan. Hududdagi barcha 5 ta oqova suv tozalash inshooti to‘xtashi natijasida har kuni 45 ming kub metr tozalanmagan kanalizatsiya suvi O‘rta Yer dengiziga oqmoqda, yana 15 ming kub metri esa yerosti suvlariga aralashmoqda.
Suv va kanalizatsiya tizimining izdan chiqishi G‘azoda oshqozon-ichak va teri kasalliklari hamda A gepatiti tarqalishiga sabab bo‘ldi. Shuningdek, hududda kalamushlar ko‘payib, muammo Isroilning chegara hududlariga ham yoyilgan. Falastindagi ekologik tashkilot — EcoPeace Middle East direktori Nada Majdalani “urush oqibatlari chegara bilmasligini” ta’kidlab, bu holat butun mintaqa uchun katta ekologik va tibbiy fojiaga aylanishi mumkinligidan ogohlantirdi.