AQSH 29-sentyabrdan Kanadadan ayrim turdagi alkogolli ichimliklar, mototsikllar va sut mahsulotlarini import qilishni taqiqlaydi. Bu haqdagi choralar Vashington va Ottava o‘rtasidagi savdo nizosi keskinlashayotgan bir paytda e’lon qilindi.
AQSH hukumatining qarori Kanada tomonidan Amerika tovarlariga nisbatan javob tariflari kuchga kirganidan bir necha soat o‘tib ma’lum qilindi. Ottava AQSH tomonidan Kanadaning qariyb 20 milliard dollarlik mahsulotlariga 50 foizlik boj joriy etilganidan so‘ng javob choralarini ko‘rgan.
Yangi AQSH taqiqi pivo va turli xil vinolardan tashqari viski, burbon, rom, aroq, vermut, tekila, mezkal va brendi kabi ko‘plab alkogolli mahsulotlarni qamrab oladi. Shuningdek, ayrim sut mahsulotlari, zardob proteini, melassa va alkogolsiz pivo importiga ham cheklov qo‘yiladi.
Bundan tashqari, ayrim pishloq mahsulotlariga 50 foizlik boj joriy qilinadi. Qog‘oz, alyuminiy, yog‘och, mebel va yoritish mahsulotlarining ayrim turlari ham qo‘shimcha tariflar ro‘yxatiga kiritilgan.
Kanada esa AQSH mahsulotlariga 15 foizdan 50 foizgacha bo‘lgan javob tariflarini joriy qilgan. Ushbu bojlar po‘lat, mebel, kiyim-kechak, elektronika va boshqa mahsulotlarga taalluqli.
Kanada Bosh vaziri Mark Karni mamlakat AQSHga iqtisodiy qaramlikni kamaytirishga intilishini bildirdi. Uning ta’kidlashicha, Kanada yangi savdo yo‘nalishlarini rivojlantirish va boshqa davlatlar bilan aloqalarni kuchaytirishga harakat qiladi.
AQSH Prezidenti Donald Tramp esa Kanada avtomobillari va ehtiyot qismlariga nisbatan tariflarni 2027-yil 1-yanvardan 25 foizdan 50 foizgacha oshirish tahdidini ham saqlab qolgan.
Savdo nizosining kuchayishi Shimoliy Amerikadagi erkin savdoni tartibga soluvchi AQSH–Meksika–Kanada kelishuvi — USMCA kelajagi borasidagi xavotirlarni ham kuchaytirmoqda. Mutaxassislar uzoq davom etadigan savdo cheklovlari ikki mamlakat iqtisodiyotiga va mintaqaviy ta’minot zanjirlariga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkinligini ta’kidlamoqda.
Shu bilan birga, AQSH va Kanada rasmiylari o‘rtasida muloqot davom etayotgani, biroq hozircha savdo muzokaralarini qayta boshlash bo‘yicha aniq kelishuvga erishilmagani ma’lum qilingan.
O‘zbekiston va jahonda ro‘y berayotgan eng so‘nggi voqea-hodisalar, sport, shou-biznes, madaniyat, informatsion texnologiyalar va ilm-fan yangiliklaridan doimo xabardor bo‘ling!
O‘zbekiston va jahonda ro‘y berayotgan eng so‘nggi voqea-hodisalar, sport, shou-biznes, madaniyat, informatsion texnologiyalar va ilm-fan yangiliklaridan doimo xabardor bo‘ling!