O‘zbekistonlik quruvchi va temiryo‘l mutaxassislari Serbiyada temiryo‘l infratuzilmasini modernizatsiya qilish hamda yangi temiryo‘l uchastkalarini qurish loyihalarida ishtirok etadi. Bu haqda “Zamon” dasturida ma’lum qilindi.
7-sentabr kuni O‘zbekiston Prezidenti tashrifi arafasida O‘zbekiston–Serbiya hukumatlararo komissiyasining ilk yig‘ilishi o‘tkazildi. Unda O‘zbekiston investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri Laziz Qudratov hamda Serbiyaning xalqaro iqtisodiy aloqalar vaziri Nenad Popovich hamraislik qildi.
Yig‘ilishda transport, qishloq xo‘jaligi, yengil sanoat, axborot texnologiyalari va sun’iy intellekt, turizm, madaniyat, akademik almashinuv hamda mehnat migratsiyasi kabi yo‘nalishlarda hamkorlik masalalari muhokama qilindi.
Tomonlar, shuningdek, erkin savdo to‘g‘risidagi bitim bo‘yicha muzokaralarni boshlashga kelishib oldi. Mazkur kelishuv O‘zbekiston va Serbiya o‘rtasidagi savdo tartiblarini soddalashtirish hamda tovar va xizmatlar ayirboshlash hajmini oshirishga qaratilgan.
Laziz Qudratovning ma’lum qilishicha, O‘zbekiston va Serbiya temiryo‘l sohasida ham qator loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha kelishuvga erishgan.
Xususan, “O‘zbekiston temir yo‘llari” va Serbiya tomoni hamkorligida mamlakatdagi temiryo‘l tarmog‘ini modernizatsiya qilish, jumladan, 200 kilometrlik temiryo‘l uchastkasini qurish rejalashtirilmoqda.
Vazirning ta’kidlashicha, mazkur loyihalar bo‘yicha tegishli protokol ikki davlat prezidentlarining uchrashuvlaridan so‘ng imzolanishi kutilmoqda. Hozirda transport vazirliklari ikki loyiha va yo‘nalish bo‘yicha muzokaralar olib bormoqda.
Qudratov ushbu hamkorlik O‘zbekiston quruvchilarining Yevropa bozoriga chiqishi va qit’adagi yirik infratuzilma loyihalarida ishtirok etishi uchun muhim imkoniyat ekanini ta’kidladi.
Yig‘ilish yakunida sanoat sherikligini rivojlantirish bo‘yicha 2028-yilgacha mo‘ljallangan qo‘shma harakatlar rejasi ham imzolandi.
O‘zbekiston va jahonda ro‘y berayotgan eng so‘nggi voqea-hodisalar, sport, shou-biznes, madaniyat, informatsion texnologiyalar va ilm-fan yangiliklaridan doimo xabardor bo‘ling!
O‘zbekiston va jahonda ro‘y berayotgan eng so‘nggi voqea-hodisalar, sport, shou-biznes, madaniyat, informatsion texnologiyalar va ilm-fan yangiliklaridan doimo xabardor bo‘ling!