Toshkent shahrida tez tibbiy yordam avtomashinasiga yo‘l bermagan BYD haydovchisiga nisbatan ma’muriy chora ko‘rildi. Bu haqda Toshkent shahar IIBB Yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi xabar berdi.
Qayd etilishicha, ijtimoiy tarmoqlarda Sergeli–Chilonzor yo‘nalishida harakatlanayotgan BYD avtomobili haydovchisi ortidan kelayotgan maxsus tovush va yorug‘lik signallariga ega tez tibbiy yordam avtomashinasiga yo‘l bermagani aks etgan video tarqalgan.
Mazkur holat Yo‘l harakati xavfsizligi xizmati tomonidan o‘rganilib, haydovchi maxsus transport vositasining harakatlanishiga xalaqit bergani aniqlangan.
Haydovchi tez yordam avtomashinasining signalini eshitmaganini, bunga avtomobil oynalarining yopiq bo‘lgani, konditsioner ishlayotgani va musiqa baland ovozda qo‘yilgani sabab bo‘lganini bildirgan. Shuningdek, yo‘l bermagani qasddan sodir etilmaganini aytib, bunday holat boshqa takrorlanmasligini ta’kidlagan.
Holat yuzasidan haydovchiga nisbatan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning tegishli moddasi asosida bayonnoma rasmiylashtirilgan. Avtomobil vaqtincha saqlash uchun jarima maydoniga joylashtirilgan.
Shuningdek, haydovchi bilan profilaktik tushuntirish ishlari olib borilgan.
O‘zbekiston va jahonda ro‘y berayotgan eng so‘nggi voqea-hodisalar, sport, shou-biznes, madaniyat, informatsion texnologiyalar va ilm-fan yangiliklaridan doimo xabardor bo‘ling!
O‘zbekiston va jahonda ro‘y berayotgan eng so‘nggi voqea-hodisalar, sport, shou-biznes, madaniyat, informatsion texnologiyalar va ilm-fan yangiliklaridan doimo xabardor bo‘ling!