Toshkent viloyati Bo‘stonliq tumanidagi Chorvoq suv omborida cho‘kib ketgan uch kishidan birining jasadi topildi. Bu haqda Favqulodda vaziyatlar vazirligi xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, hodisa 2-sentyabr kuni “Burchmulla” mahallasi hududida sodir bo‘lgan. Ota va uning ikki o‘g‘li katerda sayr qilish vaqtida cho‘milish taqiqlangan hududga borib, qutqaruv nimchalarisiz suvga tushgan. Shundan so‘ng uchalasi ham cho‘kib ketgan.
Xabar kelib tushishi bilan FVVning g‘avvos-qutqaruvchilari voqea joyiga yetib borib, qidiruv ishlarini boshlagan. Qidiruv hududining kengligi va suv omborining chuqurligi sababli hodisa joyida maxsus shtab tashkil etilgan.
Qidiruv ishlariga Jizzax va Sirdaryo viloyatlari Favqulodda vaziyatlar boshqarmalarining qo‘shimcha kuchlari ham jalb qilingan. Jarayonda zarur texnika va zamonaviy qidiruv vositalaridan foydalanilmoqda.
Qayd etilishicha, bugun soat 13:02 da cho‘kib ketgan fuqarolardan birining jasadi topilgan.
Hodisa qanday sodir bo‘lgan?
Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, oila Chorvoq suv omborida katerda sayr qilgan va suratga tushish maqsadida cho‘milish taqiqlangan hududda to‘xtagan. Keyinchalik ular shu joyda cho‘milishga qaror qilgan.
Kater haydovchisi suvga tushishdan avval qutqaruv nimchalarini kiyishni tavsiya qilgan, biroq fuqarolar uning tavsiyasiga amal qilmagan.
Suvga tushgan bolalardan birining oyog‘i tortishib qolgan. Uni qutqarish uchun otasi suvga tushgan, keyin ikkinchi o‘g‘il ham suvga kirgan. Natijada ota va uning ikki o‘g‘li ketma-ket suvga cho‘kib ketgan.
Hodisa vaqtida hududda shamol bo‘lib, suvda to‘lqin kuzatilgan. Kater haydovchisi ham fuqarolarni qutqarishga uringan, biroq ularni suvdan chiqarishga muvaffaq bo‘lmagan.
Ayni paytda qolgan ikki fuqaroning jasadini topish bo‘yicha qidiruv ishlari davom ettirilmoqda.
O‘zbekiston va jahonda ro‘y berayotgan eng so‘nggi voqea-hodisalar, sport, shou-biznes, madaniyat, informatsion texnologiyalar va ilm-fan yangiliklaridan doimo xabardor bo‘ling!
O‘zbekiston va jahonda ro‘y berayotgan eng so‘nggi voqea-hodisalar, sport, shou-biznes, madaniyat, informatsion texnologiyalar va ilm-fan yangiliklaridan doimo xabardor bo‘ling!