Tadbirkorlar uchun davlat aktivlari va yer uchastkalarini xususiylashtirishda yangi moliyaviy imkoniyatlar joriy etilmoqda. Endilikda davlat ob’ektlarini xarid qilishda to‘lovlarni amalga oshirish shartlari yengillashtiriladi. Bu haqda Prezidentning 28-avgust kuni qabul qilingan tegishli farmonida belgilangan.
Unga ko‘ra, davlat ob’ektlarini xarid qilishda dastlab 15 foiz avans to‘lash imkoniyati beriladi. Bu tadbirkorlarga mablag‘larini to‘liq xaridga sarflab yubormasdan, biznes va yangi loyihalarni moliyalashtirishga yo‘naltirish imkonini beradi.
Shuningdek, aktiv qiymatini 6 oy ichida to‘liq to‘lagan xaridorga 25 foiz chegirma taqdim etiladi.
To‘lovni bo‘lib amalga oshirish imkoniyati ham kengaytiriladi. Xususan, xaridor aktiv qiymatining 50 foizini 6 oy ichida to‘lagan taqdirda, qolgan summani 7 yil davomida foizsiz to‘lash imkoniyatiga ega bo‘ladi. Yana bir variantga ko‘ra, 35 foizini 3 oyda to‘lab, qolgan qismini 5 yil davomida bo‘lib to‘lash mumkin.
Bundan tashqari, tadbirkorlarga tayyor loyiha asosidagi yer uchastkalari taklif etiladi. Bunday yerlar loyiha hujjatlari, zarur ruxsatnomalar va kommunikatsiyalarga ulanish bo‘yicha texnik shartlar tayyor holda savdoga chiqariladi.
Natijada tadbirkorlarning yer xarid qilgandan keyin hujjatlarni rasmiylashtirish va kommunikatsiya tarmoqlariga ulanish uchun oylar davomida vaqt sarflashiga ehtiyoj kamayadi.
Qayd etilishicha, islohotlardan asosiy maqsad iqtisodiyotda davlat ishtirokini bosqichma-bosqich qisqartirish, uzoq vaqt davomida foydalanilmayotgan davlat aktivlarini samarali loyihalarga jalb etish hamda yangi daromad manbalari va ish o‘rinlarini yaratishdan iborat.
O‘zbekiston va jahonda ro‘y berayotgan eng so‘nggi voqea-hodisalar, sport, shou-biznes, madaniyat, informatsion texnologiyalar va ilm-fan yangiliklaridan doimo xabardor bo‘ling!
O‘zbekiston va jahonda ro‘y berayotgan eng so‘nggi voqea-hodisalar, sport, shou-biznes, madaniyat, informatsion texnologiyalar va ilm-fan yangiliklaridan doimo xabardor bo‘ling!