Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida Toshkent shahri, xususan, Sergeli tumanini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish hamda mahallalarda xavfsiz muhit yaratish masalalariga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishi boshlandi.
Davlatimiz rahbari so‘nggi yillarda Sergeli tumanida katta o‘zgarishlar amalga oshirilganini ta’kidladi. Yaqin-yaqingacha poytaxtning chekka hududi hisoblangan Sergelida aholi ishlash, daromad topish, dam olish va tibbiy xizmatlardan foydalanish uchun asosan shahar markaziga borishga majbur edi. Bugungi kunda esa tumandagi muhit va odamlarning yashash tarzi tubdan o‘zgargan, Sergelida hayot qaynamoqda.
So‘nggi o‘n yil davomida tumanda 30 ming xonadonli yangi uy-joylar, umumiy maydoni 2 million kvadrat metr bo‘lgan sanoat, savdo va servis obyektlari barpo etildi. Tadbirkorlar soni 2,5 mingdan 6 ming 200 taga yetdi. Budjet tushumlari esa 382 milliard so‘mdan 2 trillion 200 milliard so‘mga, ya’ni 5,5 barobar oshdi.
Shuningdek, aholi uchun 5 ta yirik dam olish maskani va istirohat bog‘i foydalanishga topshirildi. Toshkent viloyatidan o‘tgan 13 ta mahalla hisobiga Sergeli tumani hududi 1 ming 800 gektarga kengayib, jami 5,6 ming gektarga yetdi. Sergelini boshqa tumanlar va shahar markazi bilan bog‘laydigan 9 kilometrlik yo‘l hamda 8 ta stansiyadan iborat yangi metro liniyasi bunyod etildi.
Ta’lim va sog‘liqni saqlash sohasida ham salmoqli ishlar amalga oshirildi. Maktab o‘rinlari 25 mingdan 38,5 mingga, bog‘cha o‘rinlari 7,5 mingdan 15,5 mingga ko‘paytirildi. Tumanda 50 ta davlat va xususiy klinika tashkil etildi.
Shu bilan birga, yig‘ilishda transport, yo‘l, elektr energiyasi, ichimlik suvi va kanalizatsiya kabi infratuzilma tarmoqlarini yanada yaxshilash bo‘yicha hali yechimini kutayotgan masalalar mavjudligi qayd etildi.
O‘zbekiston va jahonda ro‘y berayotgan eng so‘nggi voqea-hodisalar, sport, shou-biznes, madaniyat, informatsion texnologiyalar va ilm-fan yangiliklaridan doimo xabardor bo‘ling!
O‘zbekiston va jahonda ro‘y berayotgan eng so‘nggi voqea-hodisalar, sport, shou-biznes, madaniyat, informatsion texnologiyalar va ilm-fan yangiliklaridan doimo xabardor bo‘ling!