Rossiyada kuzatilayotgan benzin taqchilligi Markaziy Osiyo davlatlari yoqilg‘i bozoriga ham ta’sir ko‘rsata boshladi. Rossiyadan import qilinadigan neft mahsulotlariga qaram mamlakatlar ehtimoliy uzilishlarning oldini olish uchun qo‘shimcha choralarni ishga solmoqda. Qirg‘iziston Energetika vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, mamlakat ichki bozorda yoqilg‘i barqarorligini saqlash maqsadida Qozog‘iston, Ozarbayjon va Turkmanistondan qo‘shimcha benzin yetkazib berishni so‘ragan. O‘zbekistonda esa AI-92 markali benzinning ulgurji narxi iyun oyi boshidan buyon 11,8 foizga oshib, bir tonnasi 13,9 million so‘mga yetdi. Shu bilan birga, birja savdolarida kunlik benzin taklifi qariyb ikki barobarga kamaygani qayd etildi.
Mutaxassislar taqchillikni Rossiyadagi neftni qayta ishlash zavodlari faoliyatidagi uzilishlar bilan izohlamoqda. Ushbu uzilishlar Ukraina dronlari hujumlari ortidan yuzaga kelgani aytilmoqda. Vaziyat sabab Rossiya 1-apreldan benzin eksportiga vaqtinchalik cheklov joriy qilgan, biroq hukumatlararo bitimlar asosidagi yetkazib berishlar bundan mustasno qoldirilgan.
Yoqilg‘i bozoridagi vaziyat fonida Qozog‘iston ham ichki ehtiyojni ta’minlash maqsadida ayrim neft mahsulotlarini temir yo‘l orqali eksport qilishni chekladi hamda chegaralarda nazoratni kuchaytirdi. Tahlilchilarga ko‘ra, Rossiyadagi ta’minot bilan bog‘liq muammolar davom etsa, Markaziy Osiyoda yoqilg‘i narxlari va ta’minot zanjirlariga bosim yanada kuchayishi mumkin.
O‘zbekiston va jahonda ro‘y berayotgan eng so‘nggi voqea-hodisalar, sport, shou-biznes, madaniyat, informatsion texnologiyalar va ilm-fan yangiliklaridan doimo xabardor bo‘ling!
O‘zbekiston va jahonda ro‘y berayotgan eng so‘nggi voqea-hodisalar, sport, shou-biznes, madaniyat, informatsion texnologiyalar va ilm-fan yangiliklaridan doimo xabardor bo‘ling!