Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiyning Rossiya havo hududining tobora xavfli bo‘lib borayotgani haqidagi bayonotini “davlat terrorizmiga teng” deb atadi. U bu fikrni 1-sentyabr kuni Bishkekda bo‘lib o‘tgan Shanxay hamkorlik tashkiloti sammitidan keyingi matbuot anjumanida bildirdi.
Putinning ta’kidlashicha, Kiyev bir tomondan Rossiya bilan muzokaralarni qayta boshlash va yuzma-yuz uchrashuvlar o‘tkazishni taklif qilmoqda, boshqa tomondan esa Rossiya havo hududidan foydalanayotgan aviakompaniyalarni ogohlantirmoqda.
“Ular bizdan muzokaralarni qayta boshlashni, yuzma-yuz uchrashuvlar o‘tkazishni so‘ramoqda. Terrorchilar bilan muzokara olib borilmaydi”, — dedi Putin.
Rossiya prezidenti, shuningdek, Rossiya havo hududida fuqarolik aviatsiyasi bilan bog‘liq jiddiy hodisa yuz bersa, Moskva bunga javob berishini ma’lum qildi.
“Agar shunday fojialar ro‘y bersa, biz bunga javob berish yo‘lini topamiz”, — dedi u.
Avvalroq Vladimir Zelenskiy Rossiya havo hududidan foydalanayotgan xalqaro aviakompaniyalarni ehtiyotkor bo‘lishga chaqirgan edi. Ukraina prezidenti Rossiya osmonida xavfsiz parvozlar davri yakunlanganini ta’kidlab, mamlakat Rossiyaning harbiy obyektlari va urushni qo‘llab-quvvatlayotgan iqtisodiy infratuzilmaga qarshi dron hamda raketa zarbalarini davom ettirishini bildirgan.
O‘zbekiston va jahonda ro‘y berayotgan eng so‘nggi voqea-hodisalar, sport, shou-biznes, madaniyat, informatsion texnologiyalar va ilm-fan yangiliklaridan doimo xabardor bo‘ling!
O‘zbekiston va jahonda ro‘y berayotgan eng so‘nggi voqea-hodisalar, sport, shou-biznes, madaniyat, informatsion texnologiyalar va ilm-fan yangiliklaridan doimo xabardor bo‘ling!