Rossiyaning Domodedovo aeroportida O‘zbekistonga uchib ketayotgan 32 yoshli yo‘lovchining yukidan tarkibida radioaktiv modda bo‘lgan 31 kilogramm quritilgan oq qo‘ziqorin topildi. Bu haqda Rossiya bojxona xizmati xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, yo‘lovchi qo‘ziqorinlar solingan qutini bagajga topshirgan. Yuk tekshiruvi vaqtida radioaktiv va bo‘linuvchi materiallarni aniqlashga mo‘ljallangan “Yantar” tizimi ishga tushgan. Shundan so‘ng bojxona xodimlari qutini ochib, ishlab chiqaruvchi korxona qadoqlaridagi quritilgan oq qo‘ziqorinlarni aniqlagan.
Maxsus radiometr-spektrometr yordamida o‘tkazilgan dastlabki tekshiruvda mahsulotning radiatsiya darajasi me’yordan 10 baravardan ko‘proq yuqori ekani aniqlangan. Shuningdek, qo‘ziqorinlar tarkibida seziy-137 radionuklidi borligi qayd etilgan.
Holat yuzasidan Rossiya iste’molchilar huquqlarini himoya qilish va inson farovonligi sohasini nazorat qilish federal xizmati — Rospotrebnadzorga xabar berilgan. Idora qarori bilan qo‘ziqorinlar ko‘mib tashlanishi lozim bo‘lgan radioaktiv chiqindi deb topilgan.
Shuningdek, mahsulot ishlab chiqaruvchisiga nisbatan choralar ko‘rilgan. Quritilgan oq qo‘ziqorinlar uchun berilgan Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi muvofiqlik deklaratsiyasi bekor qilingan, ushbu hujjat asosida mahsulot ishlab chiqarish va sotish to‘xtatilgan.
Hozircha taqdim etilgan ma’lumotlarda qo‘ziqorinlarning O‘zbekistonga yetib kelgani yoki mamlakat hududida sotuvga chiqarilgani haqida ma’lumot yo‘q.
O‘zbekiston va jahonda ro‘y berayotgan eng so‘nggi voqea-hodisalar, sport, shou-biznes, madaniyat, informatsion texnologiyalar va ilm-fan yangiliklaridan doimo xabardor bo‘ling!
O‘zbekiston va jahonda ro‘y berayotgan eng so‘nggi voqea-hodisalar, sport, shou-biznes, madaniyat, informatsion texnologiyalar va ilm-fan yangiliklaridan doimo xabardor bo‘ling!