19-oktyabr kuni havoda uchib kelgan shar “Aksa Toshkent” issiqlik elektr stansiyasining ochiq taqsimlash qurilmasiga tushishi oqibatida Toshkentning to‘rt tumani ayrim hududlarida elektr ta’minoti vaqtincha uzildi. Bu haqda Energetika vazirligi xabar berdi.
Vazirlik ma’lumotiga ko‘ra, soat 19:05 da Qibray tumanida joylashgan issiqlik elektr stansiyasida transformatorning himoya tizimi ishga tushgan. Natijada stansiya quvvati 460 MVtdan 185 MVtgacha kamaygan. Dastlabki ma’lumotlarda bunga T-5 transformatoridagi shikastlanish sabab bo‘lgani qayd etilgan.
Elektr ta’minotidagi uzilishlar Yunusobod, Olmazor, Mirzo Ulug‘bek va Shayxontohur tumanlarining ayrim hududlarida kuzatilgan. Keyinchalik hodisaga stansiyaning ochiq taqsimlash qurilmasiga havoda uchib kelgan shar tushishi sabab bo‘lgani aniqlangan. Oqibatda himoya tizimi ishga tushgan.
Ko‘rilgan tezkor choralar natijasida soat 19:09 da Yunusobod va Olmazor tumanlarida elektr ta’minoti qisman tiklangan. Soat 19:25 da zaxira manbalari orqali ta’minot to‘liq tiklangan, 19:38 ga kelib esa barcha iste’molchilarga elektr energiyasi yetkazib berish qayta tiklangan.
Energetika vazirligi fuqarolarni elektr stansiyalari, podstansiyalar va boshqa elektr qurilmalari yaqinida havoga shar uchirmaslikka chaqirdi. Vazirlik bunday holatlar elektr ta’minotida uzilishlarga sabab bo‘lishi mumkinligini bildirdi.
O‘zbekiston va jahonda ro‘y berayotgan eng so‘nggi voqea-hodisalar, sport, shou-biznes, madaniyat, informatsion texnologiyalar va ilm-fan yangiliklaridan doimo xabardor bo‘ling!
O‘zbekiston va jahonda ro‘y berayotgan eng so‘nggi voqea-hodisalar, sport, shou-biznes, madaniyat, informatsion texnologiyalar va ilm-fan yangiliklaridan doimo xabardor bo‘ling!