Toshkent shahrining Mirobod tumanida restoran xodimi 17 yoshli kuryer bilan janjallashib, uni haqorat qilgani va tahdid qilgani yuzasidan ma’muriy ish qo‘zg‘atildi. Holat 2026-yil 17-oktyabr kuni soat 13:00 atrofida sodir bo‘lgan. Bu haqda Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasi xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, 36 yoshli shaxs piyodalar yo‘lagidan skuterda o‘tmoqchi bo‘lgan kuryerni to‘xtatishga uringan. Shundan so‘ng u yigitga nisbatan qo‘pol muomalada bo‘lib, haqoratli so‘zlar ishlatgan va uni urish bilan tahdid qilgan. Voqea aks etgan video ijtimoiy tarmoqlarda tarqalib, muhokamalarga sabab bo‘lgan.
IIB ma’lumotiga ko‘ra, mazkur holat yuzasidan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 183-moddasi — mayda bezorilik bilan ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirilgan. To‘plangan hujjatlar jinoyat ishlari bo‘yicha Mirobod tuman sudiga yuborilgan.
Shuningdek, Toshkent shahar hokimligi restoran tomonidan piyodalar yo‘lagida tashkil etilgan yozgi maydoncha yuzasidan tekshiruv o‘tkazilganini ma’lum qildi. Qoidabuzarliklar aniqlanib, tegishli choralar ko‘rilgan va hudud qonunchilik talablariga muvofiq holatga keltirilgan. Hokimlik e’lon qilgan suratlarda piyodalar yo‘lagidagi stol-stullar olib tashlangani aks etgan.
O‘zbekiston va jahonda ro‘y berayotgan eng so‘nggi voqea-hodisalar, sport, shou-biznes, madaniyat, informatsion texnologiyalar va ilm-fan yangiliklaridan doimo xabardor bo‘ling!
O‘zbekiston va jahonda ro‘y berayotgan eng so‘nggi voqea-hodisalar, sport, shou-biznes, madaniyat, informatsion texnologiyalar va ilm-fan yangiliklaridan doimo xabardor bo‘ling!