Buxoro shahrida Malibu-2 haydovchisi tezlik cheklovi 60 km/soat bo‘lgan hududda 201 km/soat tezlikda harakatlandi. Avtomobilning davlat raqam belgilarini yechib, saloniga qo‘ygan haydovchi tasvirlangan video ijtimoiy tarmoqlarda tarqaldi. Bu haqda viloyat Yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, avtomobildagi yo‘lovchi qoidabuzarlik holatini videoga olib, ijtimoiy tarmoqlarga joylashtirgan. YHXB xodimlari o‘tkazgan surishtiruv ishlari natijasida haydovchi va avtomobil aniqlangan.
Haydovchi davlat raqam belgilarini sherigi bilan kelishgan holda yechib, avtomobil saloniga qo‘yganini tan olgan. U sodir etgan qoidabuzarligi uchun afsusda ekanini bildirib, bunday holat boshqa takrorlanmasligini aytgan.
Holat yuzasidan haydovchiga nisbatan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 128-3-moddasi 4-qismi — belgilangan tezlikni oshirish hamda 125-moddasi 5-qismi — davlat raqam belgisi o‘zboshimchalik bilan yechib olingan transport vositasini boshqarish bo‘yicha ma’muriy bayonnomalar rasmiylashtirilgan.
Avtomobil vaqtincha saqlash uchun jarima maydonchasiga joylashtirilgan. Hozircha haydovchiga nisbatan qo‘llanilgan yakuniy ma’muriy jazo haqida ma’lumot berilmagan.
O‘zbekiston va jahonda ro‘y berayotgan eng so‘nggi voqea-hodisalar, sport, shou-biznes, madaniyat, informatsion texnologiyalar va ilm-fan yangiliklaridan doimo xabardor bo‘ling!
O‘zbekiston va jahonda ro‘y berayotgan eng so‘nggi voqea-hodisalar, sport, shou-biznes, madaniyat, informatsion texnologiyalar va ilm-fan yangiliklaridan doimo xabardor bo‘ling!