2026-yil 1-oktyabr holatiga ko‘ra, O‘zbekistonda 2 mln 841 ming 475 nafar fuqaro “Kreditga taqiq” xizmatidan foydalangan. Bu haqda Kredit-axborot tahliliy markazi (KATM) ma’lum qildi.
Markaz ma’lumotlariga ko‘ra, xizmatdan foydalanganlarning 1 mln 656 ming 387 nafari erkaklar, 1 mln 185 ming 88 nafari esa ayollardir. 1-iyul holatida xizmatga ulanganlar soni 2 mln 574 ming 26 nafarni tashkil etgan. Shu tariqa, uch oy ichida foydalanuvchilar soni 267 ming 449 nafarga yoki 10,4 foizga oshgan.
“Kreditga taqiq” xizmati fuqarolarga o‘z nomiga kredit, mikrokredit yoki kredit kartasi rasmiylashtirilishini taqiqlash imkonini beradi. Xizmat 6-iyundan ishga tushirilgan bo‘lib, uning asosiy maqsadi shaxsning xabarisiz yoki ishtirokisiz kredit rasmiylashtirish bilan bog‘liq firibgarliklarning oldini olishdir.
Xizmatdan bepul foydalanish mumkin. Fuqarolar taqiqni istalgancha o‘rnatishi yoki olib tashlashi mumkin. Buning uchun KATM mobil ilovasi, kredit byurosining rasmiy sayti yoki call-markazi, Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali hamda Davlat xizmatlari markazlariga murojaat qilish mumkin.
Ma’lumotlarga ko‘ra, O‘zbekistonda so‘nggi besh yilda kiberjinoyatlar orqali 1,9 trln so‘mdan ortiq mablag‘ talon-toroj qilingan. Ushbu holatlarning 4 foizi fuqarolar nomiga onlayn kredit rasmiylashtirish bilan bog‘liq bo‘lgan.
Shuningdek, Markaziy bank boshqaruvining 22-apreldan kuchga kirgan qaroriga muvofiq, firibgarlar tomonidan nomiga onlayn kredit rasmiylashtirilgan fuqarolardan ushbu kredit bo‘yicha foizlar, neustoyka va jarimalarni hisoblash hamda undirish to‘xtatiladi. Jabrlanuvchidan undirilgan to‘lovlar esa sud qarori yoki ajrimi asosida qaytarilishi mumkin.
O‘zbekiston va jahonda ro‘y berayotgan eng so‘nggi voqea-hodisalar, sport, shou-biznes, madaniyat, informatsion texnologiyalar va ilm-fan yangiliklaridan doimo xabardor bo‘ling!
O‘zbekiston va jahonda ro‘y berayotgan eng so‘nggi voqea-hodisalar, sport, shou-biznes, madaniyat, informatsion texnologiyalar va ilm-fan yangiliklaridan doimo xabardor bo‘ling!