Samarqandda fuqaro hovlisidan bronza davriga oid qabr topildi
Samarqand viloyati Payariq tumanida fuqaroning hovlisida olib borilgan qazish ishlari vaqtida bronza davriga oid bo‘lishi mumkin bo‘lgan qabr va arxeologik buyumlar aniqlandi.
Topilmalar Darvozag‘aza qishlog‘idagi xonadonlardan birining hududida aniqlangan. Qazish ishlari davomida inson suyaklari bilan birga bronza bilakuzuklar, turli taqinchoqlar va mayda munchoqlar topilgan.
Fuqaro topilmalar haqida Yahyo G‘ulomov nomidagi Samarqand arxeologiya institutiga xabar bergan. Shundan so‘ng mutaxassislar voqea joyiga borib, aniqlangan ashyolarni o‘rgangan.
Arxeologik buyumlar va inson suyak qoldiqlari belgilangan tartibda hujjatlashtirilib, keyingi ilmiy tadqiqotlar uchun institut tomonidan qabul qilib olingan.
Samarqand arxeologiya instituti direktori Mo‘minxon Saidovning ma’lum qilishicha, dastlabki o‘rganishlarda aniqlangan bronza bilakuzuklarning ayrimlari konussimon uchlari va spiralsimon naqshlari bilan ajralib turadi. Bu xususiyatlar buyumlarning bronza davrining so‘nggi bosqichida dasht hududlarida yashagan chorvador qabilalar madaniyati bilan bog‘liq bo‘lishi mumkinligini ko‘rsatmoqda.
Zarafshon vodiysidagi boshqa qadimiy manzilgoh va qabristonlardan ham bronza davriga oid, dasht chorvadorlari madaniyati bilan bog‘liq ashyolar topilgan. Mutaxassislar bunday yodgorliklarni odatda miloddan avvalgi XIII–X asrlarga mansub deb hisoblaydi. Ular Andronovo–Tozabog‘yob madaniy doirasi bilan bog‘lanadi.
Biroq Darvozag‘aza qishlog‘idan aniqlangan yangi topilmaning aniq davri va madaniy mansubligi hozircha yakuniy tasdiqlanmagan.
Topilmaning tarixini aniqlash maqsadida qo‘shimcha arxeologik qazishmalar o‘tkazish, inson qoldiqlarini antropologik jihatdan o‘rganish hamda bronza buyumlarini laboratoriya tahlilidan o‘tkazish rejalashtirilmoqda.
O‘zbekiston va jahonda ro‘y berayotgan eng so‘nggi voqea-hodisalar, sport, shou-biznes, madaniyat, informatsion texnologiyalar va ilm-fan yangiliklaridan doimo xabardor bo‘ling!
O‘zbekiston va jahonda ro‘y berayotgan eng so‘nggi voqea-hodisalar, sport, shou-biznes, madaniyat, informatsion texnologiyalar va ilm-fan yangiliklaridan doimo xabardor bo‘ling!