Melanoma – melanotsitlar (melanin pigmentini ishlab chiqaruvchi teri hujayralari)dan paydo bo‘ladigan o‘sma bo‘lib, so‘nggi o‘n yillar davomida bu kasallik bilan og‘rish holatlari ko‘paydi. 75 foizdan ortiq melanomalar terida joylashgan xollar yoki sepkillar o‘rnida rivojlanadi. Shu sababli mutaxassislar tanadagi xollarni doimo nazorat qilib borishni va ulardan birortasining ko‘rinishi shubha uyg‘otsa darhol onkolog shifokorga ko‘rinishni maslahat beradilar.
Xol – bu xalqning oddiy so‘zidir. Tibbiy nuqtai nazardan, bu nevus deb ataladi – terining neoplazmasi. Ba’zi xollar xavflidir, chunki ular teri saratoniga aylanishi mumkin. Xol tug‘ma yoki keyinchalik paydo bo‘lgan bo‘lishi mumkin. Ular shikastlanganda qon ketishi, yallig‘lanishi va yiringlashi mumkin. Eng yomon narsa bu melanoma, agressiv teri o‘smasi. Xollar inson terisida melanin pigment moddasi ta’siri ostida hosil bo‘ladi, ular bu pigmentni juda ko‘p miqdorda o‘z ichiga olgan hujayralardir. Bolalarda xol ko‘pincha kichik hajmda ko‘rinadi. Yillar o‘tishi bilan ular kattalashadi va ularning soni ko‘payadi.

Xollarning paydo bo‘lishiga nima sabab bo‘lganligi haqida ko‘plab nazariyalar mavjud. Birinchidan, bu irsiyat, ortib borayotgan quyosh izolyatsiyasi, zararli muhit, kimyoviy ta’sirlar va albatta, immunitetning pasayishi. Ushbu omillar xollarning shakllanishiga yordam beradi, ammo ularni oldindan aniqlamaydi.
Melanomani iloji boricha erta aniqlash juda muhim. Xavfli xollarni aniqlash uchun o‘z-o‘zini ko‘rikdan o‘tkazish ham foyda beradi. Bu asosan Fridman qoidasi (shuningdek, ABCDE qoidasi deb ham nomlanadi) yordamida amalga oshiriladi:
A(asymmetry) – asimmetriya. Xavfsiz xol simmetriyaga ega bo‘ladi. Ya’ni, holning o‘rtasidan xayolan o‘tkazilgan to‘g‘ri chiziq uni bir xil shakldagi ikki pallaga ajratishi kerak. Agar xol simmetrik bo‘lmasa, uni rasmga olib, vaqti-vaqti bilan o‘zgarishlar sodir bo‘lmayotganligini tekshirib turish kerak.
B(border) – chegara. Xavfsiz xol bir tekisdagi, aniq, yaqqol chegaraga ega. Agar xol chegarasi bir tekis bo‘lmasa, noaniq bo‘lsa, bu xavotirlanish va shifokorga ko‘rinish uchun asos bo‘ladi.
C(color) – rang. Xavfsiz xolning rangi bir xilda, odatda jigarrang tusda bo‘ladi. Agar xolning pigmentatsiyasi kamaysa yoki keskin kuchaysa (qora ranggacha bo‘lishi mumkin), rangi bir tekis emas, aksincha ba’zi joylarida boshqa ranglar (qora, qizil, ko‘k) paydo bo‘lsa, darhol onkolog shifokorga ko‘rinish kerak.
D(diameter) – diametr. Diametri 6 millimetrdan kam xollar kamdan-kam hollardagina melanomaga aylanadilar. O‘lchamlarning kattalashishi, qalinlashuv, shuningdek xol o‘z chegarasidan tashqariga “oqib ketayotgandek” tuyulishi yaxshi belgilar emas.
E(evolution) – evolyutsiya. Xoldagi har qanday o‘zgarishlar – qichishish, po‘st tashlash, achishish, sanchiq, taranglashish, undagi tuk va sochlarning to‘kilishi, yoriq paydo bo‘lishi, yarachalar paydo bo‘lishi, qon oqishi, xol atrofida yallig‘lanish areolasi paydo bo‘lishi mutaxassis shifokor ko‘rigini talab etadi.

Xolni olib tashlasa bo‘ladimi?
Xol teri ko‘p ishqalanadigan joyda bo‘lsa uni olib tashlagan ma'qul. Negaki bunday xollarga shikast yetishi mumkin. Shikastlangan xol melanoma rivojlanishiga turtki bo‘lishi mumkin. Faqat bu shifokor tomonidan bajarilishi lozim. Agar turli onkologik va teri kasalliklari, ultrabinafsha nurlarga ta’sirchanlik bo‘lmasagina, bunga ruxsat beriladi. Ammo hech qachon xolni o‘zbilarmonlik bilan (xalqona usullar bilan) olib tashlash yaramaydi. Xolni oldirmoqchi bo‘lsangiz, bu ishni albatta tibbiyot maskanida mutaxassis shifokor nazoratida ostida amalga oshirish shart.
Xollarni ultrabinafsha nurlardan himoya qilish uchun:
•quyoshdan himoya qiluvchi kremlardan foydalanish lozim;
•soat 11 va 16 oralig‘ida iloji boricha quyoshda kamroq bo‘lish kerak.
•xavflilik guruhiga kiruvchilar quyosh vannalaridan umuman voz kechgan ma’qul;
•keng ayvonli bosh kiyim, quyoshdan himoyalovchi ko‘zoynak va tanani yopib turadigan kiyim kiyish zarur;
•bolalar 3 yoshgacha quyoshda toblanish va qorayishdan saqlanishlari kerak, chunki quyoshda kuyish bolada kelajakda melanoma rivojlanishi xavfini oshiradi.
•antibiotiklarni issiqda ehtiyotkorlik bilan qabul qiling, chunki ularning ba’zilari fotosensibilizatsiya ta’siriga ega.

O‘zbekiston va jahonda ro‘y berayotgan eng so‘nggi voqea-hodisalar, sport, shou-biznes, madaniyat, informatsion texnologiyalar va ilm-fan yangiliklaridan doimo xabardor bo‘ling!
O‘zbekiston va jahonda ro‘y berayotgan eng so‘nggi voqea-hodisalar, sport, shou-biznes, madaniyat, informatsion texnologiyalar va ilm-fan yangiliklaridan doimo xabardor bo‘ling!