Afg‘onistonning Zobul viloyati Qalat shahrida “Tolibon” bir hafta davomida 12 ta sartaroshxonani yopdi. Bunga sartaroshxonalarda hukumat tomonidan nomaqbul deb hisoblangan xizmatlar ko‘rsatilgani sabab qilib ko‘rsatilgan.
Hashti Subh Daily xabariga ko‘ra, 5-sentyabr kuni “Tolibon”ning Ezgulikni targ‘ib qilish va illatlarning oldini olish vazirligi xodimlari shahardagi sartaroshxonalarga borgan. Ular tadbirkorlarni hukumat tamoyillariga zid faoliyat bilan shug‘ullanmaslik haqida ogohlantirgan.
Manbaga ko‘ra, tekshiruv vaqtida ayrim mijozlarning soqoli kalta qirqilgani aniqlangan. Shundan so‘ng sartaroshxonalarning faoliyati to‘xtatilgan.
Sartaroshlardan biri ismini oshkor qilmaslik sharti bilan “Tolibon” vakillari ularni haqorat qilgani va do‘konlarni yopishni buyurganini aytgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, qarshilik ko‘rsatganlar qamoqqa olinishi mumkinligi bilan qo‘rqitilgan.
Qalatdagi boshqa bir sartarosh ham do‘koni yopilganini, keyin esa bir necha soat davomida “Ezgulikni targ‘ib qilish va illatlarning oldini olish vazirligi” xodimlari tomonidan ushlab turilganini bildirgan. Ular kafolat xati olingach ozod qilingan.
Shuningdek, sartaroshlarga erkaklarning sochlarini “fransuzcha” uslubda yoki hukumat nomaqbul deb hisoblagan boshqa ko‘rinishlarda kesmaslik buyurilgan.
Sartaroshlarning aytishicha, “Tolibon” kelgusida belgilangan qoidalarga rioya qilinmasa, ularning savdo shoxobchalari butunlay yopilishi haqida ogohlantirgan.
Manbaga ko‘ra, shunga o‘xshash holatlar Zobul viloyatidan tashqarida ham kuzatilmoqda. Afg‘oniston aholisi “Tolibon”ning axloq nazoratchilari tomonidan turli bahonalar bilan tazyiq o‘tkazilayotganidan shikoyat qilmoqda.
O‘zbekiston va jahonda ro‘y berayotgan eng so‘nggi voqea-hodisalar, sport, shou-biznes, madaniyat, informatsion texnologiyalar va ilm-fan yangiliklaridan doimo xabardor bo‘ling!
O‘zbekiston va jahonda ro‘y berayotgan eng so‘nggi voqea-hodisalar, sport, shou-biznes, madaniyat, informatsion texnologiyalar va ilm-fan yangiliklaridan doimo xabardor bo‘ling!