Ta’lim vaziriga xodimlarni suhbat asosida ishga olish vakolati berildi.
Prezident qarori bilan, ta’lim va ilm-fan vaziri Erkinjon Turdimovga istisno vakolat berildi: u 2027-yil 1-fevralgacha vazirlik markaziy apparatiga xodimlarni to‘g‘ridan to‘g‘ri suhbat asosida ishga qabul qila oladi. Vazirlik huzurida Inson kapitalini rivojlantirish jamg‘armasi, Ta’lim va ilm-fan bo‘yicha strategik tadqiqotlar va baholash markazi hamda Bilim va malakalarni baholash agentligi faoliyat yuritadi.
“Ta’lim va ilm-fan vazirligi faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi prezident qarori qabul qilindi.
Qarorga ko‘ra, Ta’lim va ilm-fan vazirligi ta’lim, ilm-fan va ilmiy faoliyat sohasidagi vakolatli respublika ijro etuvchi hokimiyat organi hisoblanadi.
Vazirga istisno tariqasida vazirlikning markaziy apparatiga 2027-yil 1-fevralga qadar xodimlarni to‘g‘ridan to‘g‘ri suhbat asosida ishga qabul qilish vakolati beriladi.
Vazirlikda autsorsing asosida quyidagi faoliyat yo‘lga qo‘yiladi:
aholi murojaatlari, shikoyatlari, takliflari va e’tirozlarini qabul qilish, ularni tezkor ko‘rib chiqish hamda tegishli tashkilotlarga yo‘naltirish maqsadida “Call-markaz”;
aholi hamda ta’lim va ilm-fan tizimi xodimlari bilan tizimli muloqotni ta’minlash, ta’lim xizmatlari sifati, ommabopligi va mavjud muammolar yuzasidan tezkor axborot olish hamda tahlil qilish maqsadida qayta aloqa tizimi.
Ta’lim va ilm-fan vaziri huzurida ta’lim oluvchilar, talabalar, ota-onalar, pedagoglar va ish beruvchilar vakillaridan iborat Ta’lim bo‘yicha jamoatchilik kengashi tashkil etiladi.
Vazirlik hay’ati vazir (hay’at raisi), uning o‘rinbosarlari, Vazirlik huzuridagi agentliklar direktorlari, shuningdek, yetakchi oliy ta’lim tashkilotlari rektorlari, olimlar va pedagoglar orasidan 15 nafar a’zodan iborat tarkibda tuziladi.
Qarorga binoan:
Prezident Administratsiyasi huzurida Inson kapitalini rivojlantirish va uzluksiz ta’lim strategiyasini ishlab chiqish bo‘yicha maxsus ishchi guruh tashkil etiladi;
Vazirlik huzurida Inson kapitalini rivojlantirish jamg‘armasi hamda Ta’lim va ilm-fan bo‘yicha strategik tadqiqotlar va baholash markazi tashkil etiladi;
Vazirlik huzurida Bilim va malakalarni baholash agentligi tashkil qilinmoqda;
Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi huzuridagi Ta’limni rivojlantirish markazi faoliyati tugatilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, ta’lim va ilm-fan vaziri etib Erkinjon Turdimov tayinlangan. Kuni kecha uning o‘rinbosarlari ma’lum bo‘lgandi.
O‘zbekiston va jahonda ro‘y berayotgan eng so‘nggi voqea-hodisalar, sport, shou-biznes, madaniyat, informatsion texnologiyalar va ilm-fan yangiliklaridan doimo xabardor bo‘ling!
O‘zbekiston va jahonda ro‘y berayotgan eng so‘nggi voqea-hodisalar, sport, shou-biznes, madaniyat, informatsion texnologiyalar va ilm-fan yangiliklaridan doimo xabardor bo‘ling!