Toshkent viloyatining Chirchiq shahri va Qibray tumanida giyohvandlik vositalarini tarqatish bilan shug‘ullangan shaxslar qo‘lga olindi. Tezkor tadbirlar davomida jami 4,7 kilogramm giyohvandlik vositasi musodara qilindi. Bu haqda Ichki ishlar vazirligi xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, Chirchiqda 2006-yilda tug‘ilgan qiz va uning 2008-yilda tug‘ilgan voyaga yetmagan sherigi 41 dona o‘ramdagi sintetik giyohvandlik vositalarini tarqatayotgan vaqtda ushlangan. Shuningdek, voyaga yetmagan qiz ijarada yashayotgan uyda sotish maqsadida saqlangan 1 kilogramm 259 gramm sintetik modda aniqlangan.
Boshqa bir holatda esa 2009-yilda tug‘ilgan voyaga yetmagan qizni narkotik savdosiga jalb qilgan shaxs aniqlangan. Ular 1988-yilda tug‘ilgan ayol bilan birga 150 gramm sintetik giyohvandlik vositasini yashirin joylarga qoldirish orqali tarqatayotgan paytda qo‘lga olingan. Ayolning uyidan 2 kilogramm 850 gramm mefedron, 200 gramm alfa-PVP, 200 gramm geroin hamda giyohvandlik vositalarini qadoqlashda ishlatiladigan buyumlar va tarozilar topilgan.
Qibray tumanida esa internet orqali faoliyat yurituvchi narkodo‘konga aloqador shaxslar qo‘lga olingan. Ular to‘rtta manzilda jami 200 dona o‘ramdagi giyohvandlik vositalarini yashirishga uringan. IIV ma’lumotiga ko‘ra, gumonlanuvchilar Sirdaryo, Farg‘ona va Namangan viloyatlarida yashovchi yigitlar bo‘lib, ular orasida talabalar ham bor.
Vazirlik ma’lumotlariga ko‘ra, musodara qilingan giyohvandlik vositalari 245 ming dona bir martalik dozaga teng. Hozirda internetdagi narkodo‘kon faoliyatiga aloqador boshqa shaxslarni aniqlash bo‘yicha tezkor tadbirlar davom ettirilmoqda.
O‘zbekiston va jahonda ro‘y berayotgan eng so‘nggi voqea-hodisalar, sport, shou-biznes, madaniyat, informatsion texnologiyalar va ilm-fan yangiliklaridan doimo xabardor bo‘ling!
O‘zbekiston va jahonda ro‘y berayotgan eng so‘nggi voqea-hodisalar, sport, shou-biznes, madaniyat, informatsion texnologiyalar va ilm-fan yangiliklaridan doimo xabardor bo‘ling!