Namangan viloyatining Kosonsoy tumanida Telegram orqali fuqarolarga kam foizli kredit va’da qilib, ulardan 250 million so‘mdan ortiq pul olganlikda gumonlanayotgan shaxs ushlandi. Bu haqda Namangan viloyati Ichki ishlar boshqarmasi ma’lum qildi.
Qayd etilishicha, gumonlanuvchi Telegram messenjerida “Mikrokredit” nomli soxta sahifa ochib, fuqarolarga kredit taklif qilgan. Kreditni rasmiylashtirish bahonasida ulardan oldindan bank kartalariga pul o‘tkazishni so‘ragan. Mablag‘lar o‘tkazilganidan so‘ng esa kredit ajratilmagan va fuqarolar bilan aloqa uzilgan.
Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, ushbu holat oqibatida yetkazilgan zarar 250 million so‘mdan oshgan. Gumonlanuvchi avval ham firibgarlik uchun sudlanganini, fuqarolardan olgan pullarini shaxsiy ehtiyojlariga sarflaganini bildirgan.
Namangan viloyati IIB Kiberjinoyatlarga qarshi kurashish boshqarmasi xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tezkor-qidiruv tadbirlari natijasida gumonlanuvchi qo‘lga olingan.
Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 168-moddasi uchinchi qismining “b” va “v” bandlari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Hozirda tergovga oid protsessual harakatlar davom etmoqda.
O‘zbekiston va jahonda ro‘y berayotgan eng so‘nggi voqea-hodisalar, sport, shou-biznes, madaniyat, informatsion texnologiyalar va ilm-fan yangiliklaridan doimo xabardor bo‘ling!
O‘zbekiston va jahonda ro‘y berayotgan eng so‘nggi voqea-hodisalar, sport, shou-biznes, madaniyat, informatsion texnologiyalar va ilm-fan yangiliklaridan doimo xabardor bo‘ling!