Finlyandiya tashqi ishlar vaziri Elina Valtonen Rossiya Ukrainaga qarshi urushni davom ettirayotgan bir paytda Yevropa Ittifoqi davlatlarini Rossiya fuqarolariga turistik vizalar berishni to‘xtatishga chaqirdi. Bu haqda DW xabar berdi.
Valtonen 12-oktyabr kuni X ijtimoiy tarmog‘idagi sahifasida Yevrokomissiyaga tegishli murojaat yo‘llash tashabbusini ilgari surib, boshqa a’zo davlatlarni ham uni qo‘llab-quvvatlashga taklif qildi.
“Rossiyaliklar Yevropaga kelib, bu yerdagi turmush tarzi va erkinliklardan bahramand bo‘layotgan bir paytda, ularning mamlakati ukrainaliklarning uylarini bombalashi noto‘g‘ri”, — dedi Finlyandiya tashqi ishlar vaziri.
Vazirning ta’kidlashicha, Finlyandiya 2022-yildayoq Rossiya fuqarolariga zaruratsiz safarlar uchun viza berishni to‘xtatgan. U ushbu cheklovni Yevropa Ittifoqi miqyosida ham joriy etish zarurligini bildirgan. Shuningdek, Valtonen Rossiya prezidenti Vladimir Putinning yaqin atrofidagi shaxslarga Shengen vizalarini berishni taqiqlash, rossiyalik sportchilarga viza berishni cheklash va Ukrainaga qarshi urushda qatnashgan rossiyaliklarga nisbatan mavjud taqiqlarni samarali qo‘llashga chaqirgan.
Avvalroq, sentyabr oyida Yevropa Ittifoqining tashqi ishlar va xavfsizlik siyosati bo‘yicha oliy vakili Kaya Kallas ham Rossiyaga qarshi cheklovlarni kuchaytirish, jumladan, turistik vizalar sonini kamaytirish taklifini bildirgan edi. Estoniya esa Ukrainadagi urushda qatnashgan sobiq rossiyalik harbiylarga viza berishni taqiqlash tashabbusini ilgari surgan.
Avstriya parlamenti saytida keltirilgan ma’lumotlarga ko‘ra, 14-oktyabr kuni Yevropa Ittifoqi Kengashida Rossiyaga nisbatan viza siyosati masalasini muhokama qilish rejalashtirilgan. Hozircha Finlyandiya ilgari surgan tashabbusning Yevropa Ittifoqi miqyosida qabul qilingani haqida ma’lumot berilmagan.
O‘zbekiston va jahonda ro‘y berayotgan eng so‘nggi voqea-hodisalar, sport, shou-biznes, madaniyat, informatsion texnologiyalar va ilm-fan yangiliklaridan doimo xabardor bo‘ling!
O‘zbekiston va jahonda ro‘y berayotgan eng so‘nggi voqea-hodisalar, sport, shou-biznes, madaniyat, informatsion texnologiyalar va ilm-fan yangiliklaridan doimo xabardor bo‘ling!