Toshkent viloyatining Bo‘stonliq tumanida 9 gektar yer maydonining 4 gektar qismini turarjoy qurilishi uchun rasmiylashtirib berishni va’da qilib, buning evaziga 840 ming dollar talab qilgan shaxs ushlandi. U oldindan so‘ralgan 100 ming dollarni olayotgan vaqtida Toshkent shahrining Yunusobod tumanidagi restoranlardan birida qo‘lga olingan. Bu haqda Ichki ishlar vazirligi xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, 1970-yilda Xorazm viloyatida tug‘ilgan, qurilish materiallari savdosi bilan shug‘ullanuvchi bir nechta korxona egasi noturar obyekt hududidagi yerning bir qismida turarjoy binolari qurilishini hujjatlashtirib berishni va’da qilgan.
U bu masalani Davlat kadastr agentligida ishlovchi mansabdor tanishlari orqali pora berish yo‘li bilan hal qilib berishiga ishontirgan. Gumonlanuvchi murojaatchidan avval 100 ming dollar, keyinchalik yana 740 ming dollar, jami 840 ming dollar talab qilgani aniqlangan.
Ichki ishlar vazirligi Tezkor-qidiruv departamenti xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbir davomida gumonlanuvchi oldindan talab qilingan 100 ming dollarni olayotgan paytida ashyoviy dalillar bilan qo‘lga olingan.
Holat yuzasidan unga nisbatan Jinoyat kodeksining 168-moddasi 4-qismi (firibgarlik) hamda 28-modda orqali 211-moddasi 3-qismi (pora berish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Hozirda mazkur holat yuzasidan tergov harakatlari olib borilmoqda.
O‘zbekiston va jahonda ro‘y berayotgan eng so‘nggi voqea-hodisalar, sport, shou-biznes, madaniyat, informatsion texnologiyalar va ilm-fan yangiliklaridan doimo xabardor bo‘ling!
O‘zbekiston va jahonda ro‘y berayotgan eng so‘nggi voqea-hodisalar, sport, shou-biznes, madaniyat, informatsion texnologiyalar va ilm-fan yangiliklaridan doimo xabardor bo‘ling!