COVID-19ning dunyoga ko‘rsatgan ta’siridan hamma lol. Uni deb insonlarning odatiy hayot tarzida, davlatlarning iqtisodiyotida ham keskin o‘zgarishlar kuzatildi. Koronavirusning “minus”lari haqida istagancha gapirish mumkin. Har yomonlikning bir yaxshiligi bor: biz karantinga umuman boshqa ko‘z bilan qarashni tavsiya qilamiz.
Uyda o‘tirish sizga va oila a’zolaringizga nima berdi? Koronavirusning “plyus”larini ko‘rib chiqamiz...
1. Oilaviy munosabatlarni mustahkamlaydi

Barchamizni uyga yashirgan karantin oila a’zolaringiz bilan munosabatlarni yaxshilash, mustahkamlash imkonini berdi. Endi siz farzandlaringiz bilan ko‘proq vaqt o‘tkazib, ularning dars mashg‘ulotlariga e’tibor berishingiz mumkin. Ular bilan ko‘proq kitoblar o‘qing, uning qiziqishlari, muammolari haqida suhbatlashing...
2. Dam olish uchun vaqt

Kattalar hayoti oson emas! Kundalik tashvishlar, uy va ish orasida yugurib, vaqtning qanday o‘tib ketayotganini sezmay qolasiz. Yugur-yugurlar har qanday insonni charchatib qo‘yadi.
Karantin bularning bariga vaqtincha bo‘lsa ham barham berdi. To‘g‘ri, dam olish uchun kinoga yoki restoranga borolmasligingiz mumkin, ammo uyda mazza qilib hordiq chiqarishingizning imkniyati bor! Qolaversa, internet orqali istagan filmingizni tomosha qilishingiz ham mumkin.
3. Oddiy quvonchlarning qadriga yetish

Biz o‘z ehtiyojlarimizni qoplash uchun ham mehnat qilamiz. Bu yo‘lda ko‘chada do‘stlar bilan oddiygina sayr qilish, musaffo osmonni tomosha qilish, quvonish kabi ko‘pchilikka sezilarsiz bo‘lib qolgan his-tuyg‘ularning mavjud ekanligini yoddan chiqaramiz. Mana endi uning qadrini nazarimizda, ko‘pchilik tushunib yetdi! Hamma narsani ham pulga sotib bo‘lmaydi!
4. Ekologiya yaxshilandi

Inson dunyodagi eng “toza” mavjudot. Oramizda shunday odamlar ham borki, ularning ona tabiatga umuman rahmi kelmaydi, chiqindini istagan yerga tashlab, hayvonot va o‘simlik olamini shavqatsiz qirishdan vijdoni qiynalmaydi. Karantin tufayli insonlar o‘z uylarida o‘tirgani sabab ko‘chalar tozalandi, tabiat o‘z hayotiy quvvatini sekin-asta tiklayapti. Sayyohlar mamlakati Venetsiya tabiatida ro‘y berayotgan o‘zgarishlar haqida eshitgan bo‘lsangiz kerak? Kanallarga yana baliqlar qaytdi, daryoda oqqushlar suza boshladi. Atmosfera havosi tozalandi, undagi zaharli gazlar miqdori sezilardi kamaydi.
5. Tejamkorlik
Pandemiya sabab ayrim mahsulot turlarining bahosi ortgan bo‘lishi mumkin. Ammo shu bilan birga sarf-xarajat ham sezilarli kamaydi: transport vositalari, yoqilg‘iga, turli bazmlarga pul sarflashning endi keragi qolmadi. Karantin uyda o‘tirib pulni tejashni, uni o‘ylab sarflashni o‘rgatdi.
6. Tartib o‘rnatildi

Uy tozalash karantin vaqtida bajarish mumkin bo‘lgan eng yaxshi yumush. Bu salomatligingiz uchun ham foydali. Uy ishlari bilan bog‘liq anchadan beri rejalab yurgan yumushlaringiz bajarildi, xonadoningiz ozoda bo‘ldi.
7. Sog‘lom uyqu
Mutaxassislar bir sutkada 7-8 soat uxlash kerakligini doim aytishadi. Biroq ba’zida tashvishlar, ishxona va uy yumushlari deb bu me’yorni bajarishning imkoni bo‘lmay qoladi. Karantin sizga miriqib uxlash imkonini berdi. Endi istaganingizcha uxlashingiz mumkin. Va nihoyat, surunkali charchoq sizni tinch qo‘yadi.
O‘zbekiston va jahonda ro‘y berayotgan eng so‘nggi voqea-hodisalar, sport, shou-biznes, madaniyat, informatsion texnologiyalar va ilm-fan yangiliklaridan doimo xabardor bo‘ling!
O‘zbekiston va jahonda ro‘y berayotgan eng so‘nggi voqea-hodisalar, sport, shou-biznes, madaniyat, informatsion texnologiyalar va ilm-fan yangiliklaridan doimo xabardor bo‘ling!