Andijonda “prava”si bo‘lmagan 20 yoshli yigit Labo bilan ag‘darilib ketdi.
Andijon viloyatining Xo‘jaobod tumanida YPX xodimining to‘xtash ishorasiga bo‘ysunmagan Labo haydovchisi boshqaruvni yo‘qotib, Isuzu yuk mashinasi bilan to‘qnashib, ag‘darilib ketdi. Bu haqda viloyat Yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi xabar berdi.
Qayd etilishicha, yo‘l-transport hodisasi joriy yilning 12 oktyabr kuni soat 12:00 larda A-373 “Toshkent – O‘sh” avtomobil yo‘lining Xo‘jaobod tumani “Bobur” MFY hududidan o‘tuvchi 361-kilometrida sodir bo‘lgan.
Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, 2006-yilda tug‘ilgan Z.O. Labo rusumli avtomashinani boshqarib ketayotib, shu hududda xizmat olib borayotgan YPX xodimining to‘xtash ishorasiga bo‘ysunmagan va harakatni davom ettirgan.
Shundan so‘ng, haydovchi boshqaruvni yo‘qotib, shu yo‘nalishda harakatlanayotgan Isuzu rusumli avtomashina bilan to‘qnashib, ag‘darilib ketgan.
Bildirilishicha, hodisa oqibatida Labo haydovchisi tan jarohati olib, tuman shifoxonasiga murojaat qilgan. Dastlabki o‘rganishlarda haydovchida haydovchilik guvohnomasi bo‘lmagani, shuningdek, avtomashina tegishli hujjatlarsiz boshqarilgani aniqlangan.
Hozirda holat yuzasidan Xo‘jaobod tumani IIB Yo‘l harakati xavfsizligi guruhi xodimlari tomonidan surishtiruv ishlari olib borilmoqda.
O‘zbekiston va jahonda ro‘y berayotgan eng so‘nggi voqea-hodisalar, sport, shou-biznes, madaniyat, informatsion texnologiyalar va ilm-fan yangiliklaridan doimo xabardor bo‘ling!
O‘zbekiston va jahonda ro‘y berayotgan eng so‘nggi voqea-hodisalar, sport, shou-biznes, madaniyat, informatsion texnologiyalar va ilm-fan yangiliklaridan doimo xabardor bo‘ling!