Germaniya poytaxti Berlinda 20-sentabr kuni bo‘lib o‘tgan shtat saylovida Elif Eralp yetakchiligidagi So‘l partiyasi eng ko‘p ovoz oldi. Partiya saylov kampaniyasida uy-joy narxlarini pasaytirish va yirik xususiy uy-joy kompaniyalarini davlat tasarrufiga o‘tkazishni ilgari surgan.
Dastlabki natijalarga ko‘ra, So‘l partiyasi 25,3 foiz ovoz to‘plagan. Xristian-demokratik ittifoqi (CDU) 19 foiz bilan ikkinchi, o‘ng populistik “Germaniya uchun alternativa” (AfD) 16 foiz bilan uchinchi o‘rinni egallagan. Sotsial-demokratik partiya (SPD) esa 12,1 foiz ovoz olgan.
Ovozlarni sanash 20-sentabr kechqurun ham davom etgan bo‘lsa-da, So‘l partiyasining CDUni ortda qoldirgani ma’lum bo‘lgan. Natija Eralpga Germaniya 1990-yilda birlashganidan beri So‘l partiyadan Berlinning birinchi meri bo‘lish imkonini yaratadi.
“Bugundan boshlab Berlinni birgalikda o‘zgartiramiz”, — dedi Eralp partiya tarafdorlari oldidagi chiqishida.
45 yoshli Elif Eralp saylovdan keyingi bayonotida Berlinda ijara uylarining qimmatlashishini shahardagi eng dolzarb ijtimoiy muammolardan biri sifatida qayd etdi. U 2021-yilgi referendumda qo‘llab-quvvatlangan yirik uy-joy kompaniyalarini davlat tasarrufiga o‘tkazish tashabbusini amalga oshirishga va’da berdi.
2021-yilda Berlinda o‘tkazilgan referendumda saylovchilarning 58 foizi yirik uy-joy kompaniyalarining ko‘chmas mulkini davlat tasarrufiga o‘tkazishni qo‘llab-quvvatlagan. Ushbu reja taxminan 220 mingta uy-joyni davlat mulkiga o‘tkazishni nazarda tutadi.
Biroq tashabbusni amalga oshirishning moliyaviy jihatlari hamon noaniq. SPD bosh kotibi Tim Klyussendorf uy-joy kompaniyalarini davlat tasarrufiga o‘tkazish taxminan 20 milliard yevroga tushishi mumkinligini aytgan. Infratest Dimap so‘roviga ko‘ra, respondentlarning 37 foizi bunday tashabbusni qo‘llab-quvvatlagan.
Eralp Turkiyadan kelib chiqqan oilada tug‘ilgan. Uning ota-onasi 1980-yildagi Turkiyadagi davlat to‘ntarishidan so‘ng Germaniyaga ko‘chib kelgan.
So‘l partiyasi Berlin parlamentida hukumat tuzish uchun koalitsiya masalasini hal qilishi kerak. SPD va “Yashillar” partiyasi So‘l partiyasi bilan hamkorlik qilishga tayyorligini bildirgan.
Biroq “Yashillar” rahbari Feliks Banaszak So‘l partiyasining ayrim a’zolariga nisbatan ilgari surilgan antisemitizm haqidagi ayblovlarga aniqlik kiritilishi kerakligini aytdi.
“Antisemitizmga qarshi kurashish bo‘yicha aniq majburiyat kerak. Aks holda, biz bilan hamkorlik amalga oshmaydi”, — dedi Banaszak.
So‘l partiyasi esa antisemitizm, irqchilik va guruhlarga nisbatan adovatning boshqa shakllariga qarshi ekanini bildiradi va tizimli antisemitizm haqidagi ayblovlarni rad etadi.
O‘zbekiston va jahonda ro‘y berayotgan eng so‘nggi voqea-hodisalar, sport, shou-biznes, madaniyat, informatsion texnologiyalar va ilm-fan yangiliklaridan doimo xabardor bo‘ling!
O‘zbekiston va jahonda ro‘y berayotgan eng so‘nggi voqea-hodisalar, sport, shou-biznes, madaniyat, informatsion texnologiyalar va ilm-fan yangiliklaridan doimo xabardor bo‘ling!