Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi hamda Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligini Ta’lim va ilm-fan vazirligi sifatida birlashtirish belgilandi. Davlat rahbari tomonidan qabul qilingan farmon bilan bog‘chadan boshlab maktab, kasbiy va oliy ta’lim, shuningdek ilmiy faoliyat va malaka oshirish bosqichlarining uzviyligini ta’minlash maqsad qilingan.
Ma’lum qilinishicha, avval ta’lim bo‘g‘inlarining ayrimlari alohida rivojlangani sababli o‘quv dasturlari o‘rtasidagi uzviylikni ta’minlashda qiyinchiliklar yuzaga kelgan. Yangi tizimda bog‘chada boshlangan ta’lim jarayoni keyingi bosqichlar bilan yagona mantiq asosida bog‘lanadi.
Bu orqali yoshlarning bilim, ko‘nikma va kasbiy kompetensiyalarini uzluksiz shakllantirish ko‘zda tutilmoqda. Shuningdek, ta’limning har bir bosqichini keyingisi bilan puxta bog‘lash orqali ta’lim sifati va izchilligini ta’minlash asosiy vazifalardan biri sifatida belgilangan.
Ta’lim siyosatining asosiy yo‘nalishlarini yagona organ doirasida birlashtirish dunyoning qator davlatlarida, jumladan, AQSh, Angliya, Yaponiya, Finlyandiya, Janubiy Koreya, Xitoy, Shvetsiya va Germaniyada qo‘llanadigan boshqaruv modeli sifatida qayd etilgan.
Yangi tizimning asosiy maqsadi — bog‘cha davridan boshlab ilmiy daraja olishgacha bo‘lgan jarayonlarda ta’lim sifati, izchillik va uzviylikni ta’minlashdan iborat.