30-sentyabr kuni Dubaydan Tel-Avivga uchayotgan Flydubai samolyotida kapitaniga hujum qilib, boshqaruvni egallashga uringan ikkinchi uchuvchi haqida yangi ma’lumotlar paydo bo‘ldi.
BAA Bosh prokurori Hamad Saif al-Shamsiyning ma’lum qilishicha, hujumchi kabinada favqulodda vaziyatlar uchun saqlanadigan bolta bilan kapitanga hujum qilgan va samolyot boshqaruvini qo‘lga olishga uringan. Hodisa BAA tergovchilari tomonidan teraktga urinish sifatida baholanmoqda.
ABC News, CNN va CBS News manbalariga ko‘ra, hujumda gumon qilinayotgan shaxs 29 yoshli Ummon fuqarosi Hammam al-Hammami bo‘lgan. U 2024-yilda Oman Air aviakompaniyasida ikkinchi uchuvchi-stajyor sifatida faoliyat yuritgan.
Nashrlar xabariga ko‘ra, al-Hammamida ekstremistik mazmundagi materiallar aniqlangach, u parvozlardan chetlatilib, ofis ishiga o‘tkazilgan. Keyinchalik aviakompaniyani tark etgan. Shundan so‘ng u Royal Air Maroc kompaniyasida ishlagan va taxminan sakkiz oy avval Flydubai’ga ishga kirgan.
Hozir tergovchilar uning avval parvozlardan chetlatilganiga qaramay, qanday qilib yana uchuvchi sifatida faoliyat yuritgani va Isroilga uchadigan reysga ikkinchi uchuvchi etib tayinlanganini aniqlamoqda. Shuningdek, uning Flydubai tomonidan ishga qabul qilinishidan oldingi faoliyati qanchalik tekshirilgani ham o‘rganilmoqda.
Tergov davomida al-Hammami samolyotni Isroil hududida qulatishni rejalashtirganini aytgan.
Hodisa vaqtida samolyot favqulodda signal bergan va Saudiya Arabistonining Tabuk aeroportiga qo‘ngan. Yo‘lovchilar ekipajga hujumchini zararsizlantirishda yordam bergan. Qo‘nishdan so‘ng gumonlanuvchi qo‘lga olinib, tergov uchun BAAga topshirilgan.
Voqeadan keyin Flydubai Isroilga parvozlarini vaqtincha to‘xtatgan. Samolyot kapitani, Hindiston fuqarosi Smit Machxar esa bir necha kunlik davolanishdan so‘ng shifoxonadan chiqarilgan.
O‘zbekiston va jahonda ro‘y berayotgan eng so‘nggi voqea-hodisalar, sport, shou-biznes, madaniyat, informatsion texnologiyalar va ilm-fan yangiliklaridan doimo xabardor bo‘ling!
O‘zbekiston va jahonda ro‘y berayotgan eng so‘nggi voqea-hodisalar, sport, shou-biznes, madaniyat, informatsion texnologiyalar va ilm-fan yangiliklaridan doimo xabardor bo‘ling!