Prezident matbuot kotibi Sherzod Asadov ta’lim tizimida amalga oshirilayotgan yangi islohotlarning asosiy yo‘nalishlari haqida ma’lumot berdi.
Unga ko‘ra, yangi tizimda Ta’lim va ilm-fan vazirligi maktabgacha, maktab, professional va oliy ta’lim muassasalari faoliyatini tashkil etish hamda ularning kundalik ish jarayonlari uchun mas’ul bo‘ladi. Vazirlik, shuningdek, ta’lim faoliyatiga qo‘yiladigan talablarni belgilaydi, akkreditatsiya va litsenziyalash jarayonlarini amalga oshiradi.
Ta’lim sifatini ta’minlash milliy agentligi esa ta’lim mazmuni va sifatini takomillashtirishga yo‘naltiriladi. Agentlik o‘quv dasturlari, darslik va qo‘llanmalar hamda metodik materiallarni ishlab chiqadi, ularni amaliyotga joriy etadi va natijalarini monitoring qilib boradi. Aniqlangan kamchiliklar asosida ta’lim materiallari takomillashtiriladi.
Bu jarayonda Prezident tomonidan belgilangan “o‘zbek maktabi bitiruvchisining portreti” asosiy mezonlardan biri sifatida ko‘riladi.
Shuningdek, Prezident Administratsiyasi va uning huzurida tashkil etiladigan maxsus ishchi guruh yangi vazirlik tuzilmasini ishlab chiqadi, mavjud ish jarayonlarini qayta ko‘rib chiqadi hamda ularni takomillashtirish bo‘yicha takliflar tayyorlaydi.
Oliy ta’limda esa davlat aralashuvini kamaytirish, oliygohlarning mustaqilligini kengaytirish va nodavlat ta’lim sektoriga ko‘proq imkoniyat yaratish ko‘zda tutilmoqda. Oliy ta’lim muassasalari o‘rtasidagi erkin raqobat va mehnat bozori talabi ta’lim sifatini baholashning muhim omillaridan biri bo‘lishi kutilmoqda.
O‘zbekiston va jahonda ro‘y berayotgan eng so‘nggi voqea-hodisalar, sport, shou-biznes, madaniyat, informatsion texnologiyalar va ilm-fan yangiliklaridan doimo xabardor bo‘ling!
O‘zbekiston va jahonda ro‘y berayotgan eng so‘nggi voqea-hodisalar, sport, shou-biznes, madaniyat, informatsion texnologiyalar va ilm-fan yangiliklaridan doimo xabardor bo‘ling!