O‘zbekiston kelgusi yilda Qo‘shilmaslik harakatiga raislik qiladi. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining 81-sessiyasidagi nutqida ma’lum qildi.
Bugun, 24-sentyabr kuni Nyu-York shahridagi BMT bosh shtabida bo‘lib o‘tayotgan nufuzli global anjumanda O‘zbekiston Prezidenti Administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva nutq so‘zladi. U o‘z chiqishida bugungi kundagi eng dolzarb va o‘tkir xalqaro muammolarga e’tibor qaratdi.
Xususan, Saida Mirziyoyeva dunyo hamjamiyatiga faqat qog‘ozda qolmaydigan, balki har bir mamlakatning manfaatini himoya qiladigan qudratli va adolatli tashkilot suvday zarurligini ta’kidladi.
“Bizga faqat qaror qabul qiladigan emas, qarorlarni amalga oshirishga qodir BMT kerak. Bizga har bir davlatning ovozi eshitiladigan BMT kerak”, — deya qayd etdi Prezident Administratsiyasi rahbari.
Siyosatchining so‘zlariga ko‘ra, O‘zbekiston BMT Bosh kotibining tashkilotni zamon talablariga moslashtirishga qaratilgan “BMT-80” tashabbusini to‘liq qo‘llab-quvvatlaydi. Shuningdek, u xavfsizlikni ta’minlash borasidagi tuzilmalarni isloh qilish bo‘yicha muhim taklifni ilgari surdi:
“Biz BMT Xavfsizlik kengashi tarkibini bugungi kunning zamonaviy realliklaridan kelib chiqqan holda kengaytirish tarafdorimiz”, — dedi Saida Mirziyoyeva.
Nutq davomida O‘zbekiston kelgusi yilda Qo‘shilmaslik harakatiga raislik qilishini rasman e’lon qilindi. Mamlakatimiz mazkur mas’uliyatli vazifani dunyoda qarama-qarshiliklar va ziddiyatlar keskinlashgan bir davrda davlatlararo o‘zaro muloqot uchun yangi va konstruktiv maydon ochish imkoniyati sifatida baholaydi.
O‘zbekiston va jahonda ro‘y berayotgan eng so‘nggi voqea-hodisalar, sport, shou-biznes, madaniyat, informatsion texnologiyalar va ilm-fan yangiliklaridan doimo xabardor bo‘ling!
O‘zbekiston va jahonda ro‘y berayotgan eng so‘nggi voqea-hodisalar, sport, shou-biznes, madaniyat, informatsion texnologiyalar va ilm-fan yangiliklaridan doimo xabardor bo‘ling!