Namangan va Farg‘ona viloyatlarida fuqarolarni xorijga ishga jo‘natish va Umra ziyoratiga yuborishni va’da qilib, ularning pulini olmoqchi bo‘lgan shaxslar aniqlandi. Bu haqda Davlat xavfsizlik xizmati xabar bermoqda.
Ma’lum bo‘lishicha, Namangan shahrida yashovchi 2004-yilda tug‘ilgan yigit To‘raqo‘rg‘on tumanida yashovchi ikki kishini tanishlari orqali Xorvatiyaga ishga yuborishni va’da qilgan. Buning evaziga u 3 600 dollar talab qilgan. O‘tkazilgan tezkor tadbirda u 1 000 dollarni olib borayotgan paytida qo‘lga olingan.
Shuningdek, Farg‘ona viloyatining Buvayda tumanida 1969-yilda tug‘ilgan shaxs hech qanday vakolatga ega bo‘lmasa-da, ikki fuqaroni Saudiya Arabistonidagi Umra ziyoratiga yuborishni aytgan. U fuqarolardan 2 200 dollar olayotgan vaqtida DXX va ichki ishlar xodimlari tomonidan ushlangan.
Hozirda har ikki holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 168-moddasi (firibgarlik) bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda. Eslatib o‘tamiz, avvalroq ham shunga o‘xshash noqonuniy holatlar aniqlangani haqida xabar berilgan edi.